Naqd to‘lov chegarasi 400 BHMga yetkazildi
Tadbirkorlar uchun «Ikkinchi imkon», kichik biznesga uch yillik moratoriy va «birinchi xato uchun — ogohlantirish» qoidasi joriy etilmoqda.
O‘zbekistonda tovar va xizmatlar uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi yanada takomillashtirilmoqda. Endi tovar va xizmatlar uchun naqd pulda to‘lov qilish mumkin bo‘lgan chegara bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari etib belgilandi. Bu me’yor Prezidentimizning 2026-yil 27-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida nazarda tutilgan bo‘lib, hujjat 2026-yil 28-avgustdan kuchga kirdi.
Avval amaldagi tartibga ko‘ra, qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar uchun naqd pulda hisob-kitob qilishga yo‘l qo‘yilmas edi. Yangi tartib bilan mazkur chegara BHMga bog‘landi. Natijada BHM miqdori o‘zgarishi bilan naqd to‘lov chegarasi ham mutanosib ravishda o‘zgaradi. 2026-yil 1-sentabrdan BHM 440 ming so‘m etib belgilanishi munosabati bilan 400 BHM 176 million so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, mazkur qoida qonunchilikka ko‘ra faqat naqdsiz amalga oshiriladigan tovar va xizmatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Farmonda naqd to‘lovning 400 BHMlik chegarasi aynan umumiy tartib sifatida belgilangan.
Ayrim tovar va xizmatlar bo‘yicha to‘lovlar summasi qancha bo‘lishidan qat’i nazar, ularni naqdsiz amalga oshirish talabi saqlanib qolmoqda. Jumladan, davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida neft-gaz mahsulotlarini aholiga sotish hamda elektr transport vositalarini zaryadlash xizmatlari shular jumlasidandir. Shuningdek, ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifalariga kiruvchi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdisida ham naqdsiz hisob-kitob qilish talab etiladi. Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha alohida tartib saqlanib qoladi.
PF-175-son Farmonning ahamiyati faqat to‘lov tartibi bilan cheklanmaydi. Hujjatda tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangi kafolatlar ham belgilangan. Xususan, davlat organi va tadbirkorlik sub’ekti o‘rtasidagi ommaviy-huquqiy munosabatlarda «tadbirkorlik sub’ektining haqlilik prezumpsiyasi» amal qiladi.
Unga ko‘ra, davlat organi aksini isbotlamaguniga qadar tadbirkor va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi. Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyat va noaniqliklar, shuningdek, davlat organi taqdim etgan dalillarning yetarli emasligi sababli yuzaga keladigan shubhalar ham tadbirkor foydasiga talqin qilinadi. Bu norma tadbirkor bilan davlat organi o‘rtasidagi munosabatlarda mas’uliyat va dalillash yukiga nisbatan yangi yondashuvni belgilaydi.
Farmonda kichik tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etildi. Biroq bu qoida mutlaq emas. Jinoyat ishi doirasidagi, inson salomatligiga ta’sirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish bilan bog‘liq holatlar, fuqarolar murojaatlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash yoki qaytarish hamda tadbirkorlik sub’ektini tugatish munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno. Moratoriy davrida belgilangan istisnolardan tashqari, kichik biznes sub’ektlarini tekshirish noqonuniy hisoblanadi.
Hujjatda tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy yukini yengillashtirish maqsadida «Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi ham e’lon qilindi. Mazkur amnistiya 2026-yil 31-dekabrga qadar kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga tatbiq etiladi. Unga ko‘ra, amnistiya e’lon qilinguniga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi 2026-yil 31-dekabrga qadar to‘liq to‘langan taqdirda, ushbu qarz bo‘yicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi va u bilan bog‘liq ijro ishlari tugatiladi.
Shuningdek, tadbirkor avval taqdim etgan soliq hisobotlariga mustaqil ravishda tuzatish kiritib, qo‘shimcha hisoblangan soliqni belgilangan muddatda to‘lasa, ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmaydi. Amnistiya doirasida xatolarini mustaqil bartaraf etgan tadbirkorlarning barqarorlik reytingidagi ballari ham pasaytirilmaydi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvarga qadar shakllangan ayrim qarzdorliklar, jumladan, soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun qo‘llangan ma’muriy jarimaning to‘lanmagan qismi va ayrim moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi hisobdan chiqarilishi nazarda tutilgan. Tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llashda ham yangi yondashuv joriy etilmoqda. 2027-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari birinchi marta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan, biroq buning oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga yoki boshqa shaxslarning mulkiga zarar yetkazilmagan bo‘lsa, darhol moliyaviy jarima qo‘llanmaydi. Avvalo kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi. Shuningdek, hukumatga barcha turdagi moliyaviy va ma’muriy jarimalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda ular miqdorini mutanosiblik prinsipidan kelib chiqib, o‘rtacha ikki baravar kamaytirish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.
PF-175-son Farmonning mazmun-mohiyatiga nazar tashlasak, hujjatda tadbirkorlik uchun ortiqcha ma’muriy yukni kamaytirish, hisob-kitoblarni soddalashtirish, biznes huquqlarini himoya qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish kabi bir-biri bilan uzviy bog‘liq choralar belgilangan. Jumladan, 2027–2030-yillarda ustuvor sanoat tarmoqlarida startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Kelajak tadbirkori» dasturi amalga oshiriladi. U doirasida 8 ta ustuvor yo‘nalishda 30 tagacha startap loyihasi tanlov asosida moliyalashtiriladi. Har bir loyihaga 5 milliard so‘mgacha mablag‘ investitsiya shaklida kiritilishi belgilangan.
Turizm sohasida ham tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Masalan, mehmonxona qurish uchun 50 milliard so‘mgacha, uni rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 20 milliard so‘mgacha kreditlar bo‘yicha belgilangan shartlarda foiz xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi nazarda tutilgan. Umuman olganda, yangi chora-tadbirlar tadbirkorlikni faqat moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash emas, balki biznes yuritishdagi ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, tadbirkorning huquqiy himoyasini kuchaytirish va davlat bilan munosabatlarda adolatli yondashuvni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, naqd to‘lov chegarasining 400 BHMga oshirilishi ham biznes va aholi uchun hisob-kitoblarda qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Biroq ayrim tovar va xizmatlar bo‘yicha faqat naqdsiz to‘lov talabi saqlanib qolgani uchun xaridorlar to‘lovni amalga oshirishdan oldin tovar yoki xizmatning qonunchilikda belgilangan toifasiga e’tibor qaratishi lozim.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA