Sharqona yakkakurash ustalari Namanganda jam bo‘lishdi
Namangan shahridagi Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida taekvondo-“WT” bo‘yicha o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Turnir oldi mashg‘ulotlarda mezbonlardan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hamda poytaxtimizdan kelgan, turli xalqaro musobaqalarda toblangan 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston taekvondo “WT” assotsiatsiyasi Namangan viloyati bo‘limi ijrochi direktori Xolmurod Nozimovning qayd etishicha, йиғин davomida sportchilarning jismoniy va texnik-taktik tayyorgarligini oshirish, jangovar mahoratini mustahkamlash hamda kelgusidagi nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida tajribali murabbiylar tomonidan sportchilarga taekvondoning zamonaviy usullari, musobaqa jarayonidagi taktika va texnik harakatlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 26-sentabriga qadar davom etadigan bunday o‘quv-yig‘inlarning muntazam tashkil etilishi yosh va iqtidorli sportchilarni saralash, ularning mahoratini yanada oshirish hamda yuqori natijalarga erishishda turtki, qolaversa, 2026-yil 26-30-oktabr kunlari "Pahlavon" sport majmuasida bo‘lib o‘tadigan "G1" turkumiga kiruvchi "Uzbekistan Open" xalqaro turniri oldidan o‘ziga xos tadorik vazifasini o‘taydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri