Superliga: 22-tur bahslari yakunlandi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 22-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Sakkizta bahsning barchasida g‘olib aniqlandi — tur davomida birorta ham durang qayd etilmadi.
Turning eng yirik g‘alabasi Andijonda kuzatildi. “Nasaf” safarda “Andijon”ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Qarshiliklar safida hatto darvozabon Abduvohid Ne’matov ham penaltidan gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
“Paxtakor” safarda “Mash’al”ni 2:1 hisobida yengdi. Toshkentliklarning har ikki goliga Flamarion Jovino mualliflik qildi. “Navbahor” esa beshta gol urilgan bahsda “Dinamo”dan 3:2 hisobida ustun keldi.
Turning boshqa uchrashuvlarida “Bunyodkor” “Buxoro”ni 2:1, OKMK “So‘g‘diyona”ni 2:1, “Neftchi” “Lokomotiv”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. “Surxon” esa “Qo‘qon-1912” ustidan 1:0 hisobida muhim g‘alabaga erishdi.
22-turga Urganchdagi bahs nuqta qo‘ydi. “Qizilqum” “Xorazm”ga qarshi uchrashuvda dastlab hisobda ortda qolganiga qaramay, 3:1 hisobida irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
22-tur natijalari:
“Navbahor” — “Dinamo” — 3:2
“Mash’al” — “Paxtakor” — 1:2
“Bunyodkor” — “Buxoro” — 2:1
“Andijon” — “Nasaf” — 1:4
“Surxon” — “Qo‘qon-1912” — 1:0
“So‘g‘diyona” — OKMK — 1:2
“Lokomotiv” — “Neftchi” — 0:1
“Xorazm” — “Qizilqum” — 1:3
Shu tariqa, 22-turda 8 uchrashuvda jami 25 ta gol urildi va barcha bahslarda tomonlardan biri uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport