Shahzod Muzaffarovning Osiyo chempionatidagi keyingi raqibi qozog‘istonlik bokschi
Shu kunlarda Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida Asian Boxing tashkiloti tomonidan kattalar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar erkak hamda 10 nafar bokschi qizlari qatnashmoqda.
Kecha chempionatning ilk kunida terma jamoamiz a’zolaridan Havasbek Asadullayev -70 kilogramm og‘irlikda hindistonlik Deyepak va Xumorabonu Mamajonova -54 kilo og‘irlikda tailandlik Natnicha Chongprongklang bilan kuch sinashdi va har ikkala bokschisimiz ham hakamlarning qaroriga ko‘ra, ochkolar hisobida raqiblariga imkoniyatni boy berdi.

Bugun, 31-mart kuni qit’a birinchiligining ikkinchi kunida terma jamoamizning yetakchi bokschilaridan Shahzod Muzaffarov -55 kilogrammda iordaniyalik Mahdi Almashaleh bilan ro‘baro‘ keldi.
Shiddatli kechgan jangda Muzafffarov raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida zafar quchdi. Endi Shahzodbek chorak finalda qozog‘istonlik ikki karra Jahon chempioni Maxmud Sabirxan qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 ta davlatning mahoratli charm qo‘lqop ustalari ishtirok etayotgan qit’a chempionati 10-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA