Milliy terma jamoamiz mundialga munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda
"Jahon chempionati – 2026"
Poytaxtimizda futbol bo‘yicha "FIFA Series – 2026" turniri o‘z nihoyasiga yetdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlab Gabonni 3:1 hisobida yengdi. Kecha esa Venesuela termasini penaltilar seriyasida 5:4 hisobida mag‘lub etib, turnir g‘olibiga aylandi.
Mazkur turnir terma jamoamiz uchun nimani berdi?

Avvalo, musobaqadagi muvaffaqiyatdan so‘ng O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA reytingida 1465,34 ochko bilan 50-pog‘onaga ko‘tarildi. Shu bilan birga, tarkib borasida yangi nomlar kashf etildi. Jumladan, terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov Gabon milliy terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilishi ortidan milliy jamoa safidagi gollari sonini 44 taga yetkazib, yangi rekord o‘rnatdi.

Terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bu galgi yig‘inga jami 27 nafar futbolchini chaqirdi. Yig‘in doirasida Jaloliddin Masharipov, Husniddin Aliqulov, Abbosbek Fayzullayev, Dilshod Komilov, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Abdulla Abdullayev, Alibek Davronov va Husayn Norchayev kabi futbolchilar turli darajadagi jarohatlari tufayli jamoaga yordam bera olmadi.

Buning natijasida “FIFA Series – 2026” turniri doirasida o‘tkazilgan ikki uchrashuvda 27 nafar futbolchi orasidan jismoniy holati yaxshi bo‘lgan o‘yinchilar maydonda sinovdan o‘tkazildi. Mazkur turnirda terma jamoamiz tarkibida yangi nomlar kashf etilganini bejizga ta’kidlamadik. Gabon va Venesuelaga qarshi uchrashuvlarda o‘zining yorqin o‘yinini namoyon etgan umidli himoyachimiz Jahongir O‘rozov muxlis va mutaxassislar e’tiborini qozondi.

Jahongirning Gabonga qarshi o‘yinda gol urgani va jamoamizni muqarrar goldan saqlab qolgani alohida tahsinga loyiq. Shu o‘rinda u haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tish joiz.
Jahongir O‘rozov 2004-yil 18-yanvarda tug‘ilgan. "Bunyodkor" futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2021-yilda klub bilan ilk professional shartnomasini imzolagan. Asosiy jamoadagi debyutini 2022-yilgi O‘zbekiston Superligasida Jizzaxning "So‘g‘diyona" klubiga qarshi uchrashuvda amalga oshirgan.

2023-yilda futbolchimizga Turkiya klublaridan takliflar tushdi va shu yil 16-avgustda "Eyupspor" jamoasi bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. 2024-yil yozgi transfer oynasida yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani sababli J.O‘rozov Samarqandning "Dinamo" jamoasiga ijaraga berildi.
Terma jamoa miqyosida u 2022-yilda Ravshan Haydarov boshchiligida O‘zbekiston U-20 tarkibida debyut qildi. 2023-yilda "Asian Cup 2023" va "FIFA U-20 World Cup 2023" musobaqalarida ishtirok etib, barcha uchrashuvlarda to‘liq harakat qildi. Ushbu o‘yinlardagi ishonchli harakatlar va "Dinamo" klubidagi doimiy o‘yin amaliyoti futbolchining terma jamoa yig‘iniga chaqirilishiga asosiy omil bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida o‘tkazilgan so‘nggi ketma-ket uchta xalqaro o‘rtoqlik turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda. Jumladan, poytaxtimizda o‘tgan CAFA Nations Cup, Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan Al Ain International Cup hamda “FIFA Series – 2026” musobaqalari shular jumlasidan.
Ushbu muvaffaqiyatlar mamlakatimizda futbol rivojiga qaratilayotgan e’tibor va tizimli ishlar samarasidir. Bu borada sohada amalga oshirilgan ayrim islohotlarni qayd etish joiz.
Terma jamoamiz bosh murabbiyligiga italiyalik tajribali mutaxassis Fabio Kannavaroning kelishi ushbu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. U jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng termamiz 2 ta xalqaro turnirda g‘alaba qozondi. Kannavaro boshchiligida “oq bo‘rilar” jami 6 ta uchrashuv o‘tkazib, ularning 5 tasida g‘alaba qozondi. Yagona mag‘lubiyat esa Urugvayga qarshi uchrashuvda qayd etildi.
Fabio Kannavaro jamoaga kelganidan so‘ng o‘z shtabiga yordamchi murabbiy Paolo Kannavaro, mutaxassis Simone Sijillo va shifokor professor Enriko Kastellachchini jalb etdi. Bu esa terma jamoa a’zolarining ham jismoniy, ham taktik jihatdan o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida futbol bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor ishtirok etadi. Jamoamiz “K” guruhida Portugaliya,
Kolumbiya va pley-off g‘olibi bilan raqobatlashadi.
Shu bois, terma jamoamiz mundial oldidan turli qit’a va uslubdagi jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazmoqda. Bu esa ehtimoliy raqiblarga yaqin jamoalar bilan o‘yin amaliyotini oshirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, Venesuela va Gabon termalariga qarshi o‘tgan bahslar muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ldi.
Endi milliy jamoamizning navbatdagi yig‘ini may oyida boshlanadi. Ikki haftalik yig‘in doirasida bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik legioner futbolchilar ham tarkibga qo‘shiladi va ular ishtirokida yana bir bellashuv o‘tkaziladi.
Jahon chempionati oldidan o‘tadigan so‘nggi yig‘inda o‘zining eng yaxshi sport formasini namoyon etgan 26 nafar futbolchi terma jamoamizning mundialda ishtirok etadigan tarkibidan joy oladi. FIFA talabiga ko‘ra, yakuniy qaydnoma 30-mayga qadar taqdim etiladi.
Umid qilamizki, Fabio Kannavaro boshchiligida milliy jamoamiz Jahon chempionatida munosib ishtirok etib, tarixiy natijalarga erishadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA