Shahnoza Mamajonova – jahon kubogi g‘olibi
Farg‘ona viloyatida o‘q otish sporti jadal rivojlanmoqda. Joriy yilda zamonaviy o‘q otish sport majmuasining foydalanishga topshirilishi mazkur yo‘nalishni yanada ommalashtirishga xizmat qildi. Ayni paytda bu yerda, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportning ushbu turiga qiziqish ortib, mashg‘ulotlarga jalb etilganlar soni ko‘paymoqda. Quvonarlisi, sportchilar dastlabki musobaqalardayoq munosib natijalarni qayd etmoqda.
Serbiyaning Novi-Sad shahrida para o‘q otish bo‘yicha ilk jahon kubogi turniri bo‘lib o‘tdi. Turnirda 51 mamlakatdan 300 nafarga yaqin sportchi qatnashdi.
Yetti kun davom etgan musobaqaning so‘nggi kunida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, farg‘onalik Shahnoza Mamajonova (Sh1A klassi) P2 yo‘nalishidagi 10 metr masofaga pnevmatik to‘pponchadan otish dasturida 232,6 ochko jamg‘arib, oltin medalga ega chiqdi.

Shunisi quvonarliki, Shahnoza Mamajonova o‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi jahon chempionidir.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri