Sevil Yo‘ldosheva Xitoydan quruq qaytmoqchi emas
Xitoyda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan W35 tasnifidagi turnirda hamyurtimiz Sevil Yo‘ldosheva final bosqichiga chiqdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Sevil musobaqaning juftlik bellashuvlarida Janubiy Koreya vakili Jiho Shin bilan tandem hosil qildi va ilk bosqichda neytral opa-singil tennischilar Anastasiya va Rada Zolotarevalarni 6:2, 6:4 hisobida taslim etgan bo‘lsa, chorak finalda Janubiy Koreya sharafini himoya qilayotgan Hira Im va Incha Kim ustidan 6:4, 4:6, 10:7 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa, yarim finalga chiqqan Sevil va Jiho final yo‘llanmasi uchun o‘tgan bahsda mezbon tennischilar Jiaki Vang va Kiyu Yu Ye duetini 6:3, 6:2 hisobida dog‘da qoldirdi. Endi ular bosh sovrin uchun neytral tennischilar Sofiya Lansere va Aleksandra Shubladzega qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA