Serqirra va sermahsul olim
Sultonmurod Olim shunchalik ko‘p va rang-barang mavzularda ijod qilganki, bu odamda mavjud iste’dod qirralarini sanagandan yo‘g‘ini sanash ‒ osonroq!
Ustoz ‒ tarjimashunoslik, adabiyotshunoslik, navoiyshunoslik, tasavvufshunoslik, tarix, jamiyatshunoslik, elshunoslik (etnografiya), tilshunoslik, huquqshunoslik, umuman, ma’naviyat va ma’rifat, milliy g‘oya va mafkura bo‘yicha ko‘plab kitob, maqola, eshittirish va ko‘rsatuvlar muallifi.
Bo‘lajak keng qamrovli olim o‘tgan asr 60 ‒ 70-yillarida jurnalist sifatida o‘z iste’dodini namoyon etgan edi.
Otasi ilm-ma’rifatni qadrlagan fozil inson, onasi o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lgani uchunmi, unda adabiyotga havas, so‘zga mehr juda erta uyg‘onib, hali o‘quvchilik yillaridayoq tuman, viloyat va respublika gazetalarida o‘zining xabar va maqolalari bilan ishtirok eta boshlagan. Hatto, 8-sinfni tugatib, yozgi ta’tilda tuman gazetasida maosh olib ishlagan.
1971-yilda Vobkent tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabini oltin medal bilan bitirganida jamoatchi muxbir sifatida 6 ta gazetada 187 ta xabar va maqola e’lon qilib ulgurgan edi. Natijada u qalami charxlangan jurnalist sifatida ToshDU(hozirgi O‘zMU)ning Jurnalistika fakultetiga imtiyozli asosda o‘qishga kirib, 1976-yili uni imtiyozli diplom bilan tugatdi.
70-yillar ikkinchi yarmidan tarjimashunos sifatida shakllandi. Chunki o‘zbek tarjimashunoslik maktabining asoschisi G‘aybulla Salomov va bu sohaning yorqin namoyandasi Najmiddin Komilovlar oliy ta’lim muassasasida tahsil olish jarayonida haqiqat uchun kurashadigan hozirjavob jurnalist bo‘lish orzusida kelgan yigitning qalbida tarjimashunos bo‘lish ishtiyoqini uyg‘otishdi.
Shu tariqa uning mehnat faoliyati O‘zbekiston Fanlar akademiyasining hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan bog‘landi – 1976-yildan 1994-yilgacha mazkur ilm dargohida ilmiy tadqiqot olib borib, yetuk tarjimashunos sifatida ilmiy-adabiy jamoatchilikka tanildi.
Lekin u tarjimashunoslik bilan cheklanib qolmay, mumtoz va zamonaviy adabiyot muammolari, milliy so‘z san’atimizning zabardast namoyandalari ijodi bo‘yicha ham salmoqli tadqiqotlar yaratdi. Bu bilan u qamrovi keng tadqiqotchi bo‘lib, yetuk tarjimashunosgina emas, nuktadon adabiyotshunos ham ekanini amalda isbotladi.
“Farhod va Shirin” dostonining ruscha, tojikcha va ozarbayjoncha tarjimalarini asliyat matniga qiyosan o‘rganib, nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan (1985), o‘tgan asr 80-yillarining ikkinchi yarmida yaratishga kirishilgan “Navoiy qomusi” uchun shoir tarjimonlari haqida 152 ta maqola tayyorlagan bo‘lsa-da, aynan 1991-yili – ulug‘ shoir tavalludining 550-yilligi munosabati bilan bir yil davomida 40 dan ziyod maqola yozib, ommaviy axborot vositalarini “portlatib”, chin ma’nodagi navoiyshunosga aylandi.
Aslida, 1988-yilning 12-fevralida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftanomasida Alisher Navoiy “Xamsa”sining qisqartirilgan nashrini tanqid qilib chiqqan “Navoiyni qisqartirib bo‘ladimi?” maqolasiyoq adabiy jarayonda shov-shuvga sabab bo‘lib, uning navoiyshunos sifatidagi ilk muvaffaqiyatli qadamlaridan biri hisoblanadi.
Ustoz tasavvuf ta’limoti va adabiyotining ham bilimdon tadqiqotchilaridan bo‘lib, tasavvuf falsafasi va adabiyoti, yassaviya, kubraviya va naqshbandiya tariqatlari, Abdulqodir Jeyloniy ‒ G‘avs ul-A’zam, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Mohitobon, Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Bobo Samosiy, Amir Kulol, Bahouddin Naqshband, Xoja Ismat Buxoriy kabi yirik tariqat pirlari, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Kamol Xo‘jandiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Fuzuliy, Mirzo Abdulqodir Bedil, So‘fi Olloyor kabi mutasavvif shoirlar haqidagi salmoqli va teran ilmiy tadqiqotlari buning yorqin dalilidir. Bu o‘rinda “Ishq, oshiq va ma’shuq” (1992) risolasi, “Naqshband va Navoiy” (1996, 2022) monografiyasi, “Uch buyuk tariqat”, “Bahouddin Naqshband hamda naqshbandiya tariqatining islom olamidagi o‘rni, mavqei va ahamiyati”, “Tasavvuf va adabiyot”, “Tasavvuf ta’limoti va komil inson tarbiyasi”, “Lison ut-tayr: haqiqat va majoz sintezi”, “Lison ut-tayr: “Me’rojnoma”, “Navoiy va Attor” kabi har biri bir risola darajasidagi salmoqli tadqiqotlarini qayd etib o‘tish mumkin.
Sultonmurod Olim nuktadon adabiyotshunosgina emas, nozikta’b tilshunos ham – ona zabonimiz taqdiri, uning muammolariga ham bafarq emasligi “Til va adabiyot siyosati” risolasi (2016), “Ona tilimiz muammolari”, “Til, so‘z va lug‘at”, “O‘zbek tilida xorijiy so‘zlar”, “Til, taraqqiyot va ma’naviyat”, “Xorijiy so‘zlar qo‘llashdagi ayrim muammolar”, “Turkiy so‘zlar jilosi”, “Tumanlarimiz nomini to‘g‘ri yozaylik”, “Qonun va til”, “Tilning “dil”i”, “Biz nega lotin yozuviga o‘tyapmiz?”, “So‘z odamni, odam hayotni o‘zgartiradi” kabi tilshunoslikka oid qator izlanishlarida, til tarixi, so‘zlar etimologiyasi, xorijiy so‘zlar imlosi bilan bog‘liq chiqishlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. U kishi tilni ham nozik his qiladi va chuqur tushunadi. So‘zning uslubiy bo‘yoqlari va ma’no tovlanishlari bo‘yicha nozik kuzatishlar qiladi.
Sultonmurod Olimning qiziqish doirasi keng va tadqiqot yo‘nalishi rang-barang bo‘lib, jumladan, tarixiy mavzularda ham qator baquvvat maqolalar yozgan. Ularda O‘zbekiston tarixining muammoli masalalari, u yoki bu o‘zbek urug‘ining etimologiyasi, tarixiy shaxslarning chigal taqdiri bilan bog‘liq muammolarga yechim axtaradi. “Vatan va tarix dardlari”, “Tarix – xalq ma’naviyatining asosi”, “Navoiy va turkiy qavmlar”, “Chig‘atoy lafzi ila raqam urdum...”, “Jonli tarix”, “Shajara”, “Millatim – g‘ururim, millatim – qayg‘u-dardim”, “Muzeylar – tarixning jonli ko‘zgusi”, “Buxoro – nega sharif?” singari keng o‘quvchilar ommasi e’tiborini tortgan maqolalari shular jumlasidandir. Voqean, u o‘zi tug‘ilib o‘sganmakon haqidagi “Vobkent tumani” kitobi(2002)ning ham mualliflaridan biri. Professor Ramazon Bobokalonov bilan hamkorlikda “Vobkent: buyuk ipak yo‘li chorrahasi” (2022) kitobini yaratgan.
Xalqimizning umrboqiy an’ana va ezgu qadriyatlari, ibratli urf-odat va hikmatli rasm-rusumlari ham millatning bir fidoiy va jonkuyar farzandi sifatida serqirra olimning sinchkov nazaridan chetda qolmaydi. “Do‘ppi” maqolasi va telefilmi, “Beshik”, “Hijob” risolalari, “To‘y ma’naviyati”, “To‘y-marosimlar – qadriyatlarimiz ko‘zgusi”, “To‘y-hasham, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarimiz me’yorida bo‘lsin”, “Allada hikmat bor”, “Xotira va qadr mohiyati” kabi maqolalarida u bilimdon etnograf sifatida namoyon bo‘ladi. Navro‘z haqidagi izlanishlarining o‘zini bir yerga jamlasa, salmoqli bir kitob bo‘ladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan yillari(2000 ‒ 20011)dagi qizg‘in faoliyati davomida zamon bilan hamnafas ziyoli sifatida ommaviy axborot vositalarida ko‘plab chiqishlar qilib, dunyoqarashi keng, tafakkuri teran va qalami o‘tkir otashin qalamkash o‘laroq o‘zbek publitsistikasi rivojiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Mustaqillikning ahamiyati, milliy mafkuraning mohiyati va vazifalari, ma’naviyatning mazmuni va qudrati haqidagi ko‘plab maqolalari bilan o‘zbek publitsistikasiga yangi nafas olib kirdi, uni bir pog‘ona yuksakka ko‘tardi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, bu yorqin iste’dod sohibi milliy publitsistikamizga ilmiylik baxsh etib, uni teranlashtirdi. Boshqacha aytganda, badiiy publitsistikani ilmiylik bilan to‘yintirib, ilmiy-ommabop maqola darajasiga ko‘tardi.
Mustaqil O‘zbekiston siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mag‘zi-yu mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirib berishga yo‘naltirilgan maqolalari bilan, aslida, ustoz donishmand siyosatshunos sifatida ham namoyon bo‘ladi. Voqean, u kishi qalami va nutqi bilan mustaqil mamlakatimiz siyosati takomili yo‘lida ham katta xizmat qildi.
Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, Sultonmurod Olim O‘zbekistondagi sanoqli usta notiqlardan ham biri hisoblanadi. U kishining turli tadbirlardagi chiqishlari hamisha qiziqib eshitiladi va qarsaklar bilan bo‘linib turadi.
Ma’lumki, nutq aniq va tiniq, sodda va tushunarli, qiziqarli va jozibali, ishonarli va ta’sirchan... bo‘lishi kerak. Chunki notiqlik san’atgina emas, ilm ham. Notiq oldiga qo‘yiladigan bu talablarning barchasini ustoz nutqida ko‘rish mumkin.
U o‘zini mohir ssenariynavis sifatida ham ko‘rsatib, “Do‘ppi” (1999), “Davlatimiz ramzlari” telefilmlari (2005), “Qush tili” spektakli (2006, Avliyoquli Xojaquli bilan hamkorlikda), “Bahouddin Naqshband” hujjatli filmi (2018), “Ko‘ngil ovi” musiqali dramasi (2014), “Buzruk” maqomining buzruk maqomi (Al-Forobiy hayotidan lavhalar)” (2023) maqom spektakli ssenariylari, “Xamsa” operasi librettosi(2020)ni yozgan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi, fuqarolarning huquq va burchlari haqida bahs yurituvchi qator maqolalar muallifi sifatida u kishi ma’lum ma’noda huquqshunos maqomida ham ko‘zga tashlanadi.
Ma’lumki, xalqning siyosiy va huquqiy ongini o‘stirish – eng og‘riqli masala. Ustozning ko‘plab publitsistik maqolalari ayni shu masala yechimiga safarbar etilgan. U kishi mustaqil O‘zbekiston davlatining siyosiy, ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy asoslarini xalqqa hijjalab tushuntirib beruvchi ko‘plab publitsistik va tahliliy maqolalar yozdi. Jumladan, “Burch” risolasi (2012), “Huquq va burch – insoniylikning ikki mezoni”, “Qonun, mafkura va ma’naviyat”, “Xalq, g‘oya va maqsad birligi sari”, “Milliy g‘oya – mening g‘oyam”, “Qonun, savodxonlik va huquqiy ong”, “Fuqaroning siyosiy huquqlari”, “Huquq, erkinlik va burchlarimiz kafolati”, “Siyosiy faollik – demokratiyaning asosiy mezoni”, “Adolatli saylov – demokratiya mezoni”, “Islohotlar ‒ inson, uning farovonligi uchun” kabi bir necha o‘nlab maqolalarining xalqning siyosiy ongini o‘stirish, ma’naviy qarashlarini kengaytirish, haq-huquqini tanitishdagi xizmati ‒ katta. Yana “Demokratiya – fuqarolik jamiyati” (2002) risolasi muallifi, “Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati” (2021) kitobining tuzuvchilaridan biri hamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat ramzlarini ham birinchi bo‘lib u xalqqa keng tushuntirib va sharhlab berdi. Shu tariqa Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi, Davlat madhiyasining siyosiy ahamiyatini ko‘rsatdi. “Bayroq, burch va burj” (1995), “Davlatimiz ramzlari” (Shamsiddin Jumayev bilan hammualliflikda, 2003), “Madhiya” (2004), “Davlat ramzlari” (2013) risolalari, “Tug‘ va tug‘ro”, “Madhiyamiz – faxrimiz”, “Bayrog‘imiz – muqaddas” maqolalari shular jumlasidandir.
U kishi san’atning boshqa turlari, jumladan, musiqa, me’morchilikka oid maqolalar ham yozgan. “Musiqiy san’at va milliylik”, “Ohanglar og‘ushida”, “Qo‘lda sozing soz bo‘lsa...”, “Dutorni sayratgan sozanda”, “Samarqand me’mori” maqolalari haqida shunday deyish mumkin..
Farzand tarbiyasi va inson kamoloti masalalari, insoniy fazilat va illatlar tadqiqi, targ‘ibi va tanqidi ham ustoz ijodida asosiy o‘rin tutadi. “Navoiy – yoshlarga” (2008), “Oila va jamiyat yoxud mikrojamiyat va makrooila” (2017) risolalari, “Komillik yo‘li”, “Abdulla Avloniyning “Turkiy “Guliston” yoxud axloq” asarida ma’naviy-axloqiy tarbiya talqini”, “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur...”, “Hayo inson ziynatidir” kabi qator maqolalarida bu boradagi teran ilmiy va hayotiy fikr-u mulohazalarini ilgari suradi.
Albatta, bular hammasi emas – rahbar psixologiyasi va ma’naviyatidan tortib, tabiatni asrash va suvdan tejamli foydalanish muammolarigacha, dehqonchilik va hunarmandchilik sir-sinoatlaridan to halol mehnat qilib, to‘g‘ri yashash taomillarigacha, shahar obodonchiligidan yo‘laklarni toza tutishgacha, xonadon sarishtaligidan ro‘zg‘orni eplab yuritishgacha, shaharda jonzotlarni qanday saqlashdan maishiy xizmatlar haqini vaqtida to‘lashgacha – jamiyat hayoti va xalq turmushi bilan bog‘liq eng arzimas narsalar ham u kishining sinchkov nazaridan qochib qutulmaydi.
Ma’lum bo‘ladiki, Sultonmurod Olimning ijod va faoliyat doirasi nihoyatda keng va rang-barang bo‘lib, ustoz shug‘ullangan soha va yo‘nalishlarning har biri alohida-alohida tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.
Respublika gazeta-jurnallari, turli to‘plamlardagi ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik maqolalari, O‘zbekiston radiosi va televideniyesi, ko‘plab tadbir va anjumanlardagi dolzarb mavzulardagi mazmundor chiqishlari, Toshkent islom universiteti (hozirgi xalqaro akademiyasi), Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi, Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti, Toshkent amaliy fanlari universitetidagi muallimlik faoliyati, tashkilot va muassasalardagi ma’rifat va ma’naviyatga bag‘ishlangan ma’ruzalari Sultonmurod Olimning ilm tadqiqini uning targ‘ibi bilan birga olib borayotgan − nazariya bilan amaliyotni o‘zaro omuxta qilgan olimlardan ekanining yorqin dalilidir. Bugina emas. U umumta’lim maktablarida “O‘zbek adabiyoti” bo‘yicha o‘quv dasturi (5 – 11-sinflar, 1991, 2006), “O‘zbek adabiyoti” majmuasi (10-sinf, 1993, 1995, 1997), “Adabiyot” darslik-majmuasi (8-sinf, 2006, 2010, 2014, 2019), “O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma” (8-sinf, 2006), “Odobnoma” (4-sinf, 2009) darsligini tuzishda ishtirok etgan. Shuningdek, u boshqa qator o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifi hamdir.
1967-yildan buyon dolzarb mavzulardagi maqolalari, taqrizlari, turli materiallari e’lon qilinadi. Matbuotda 3 mingdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop, publitsistik maqolalari, mafkuraviy hangoma, she’r va badiiy tarjimasi chop etilgan, radio va televideniyeda ko‘p chiqishlar qilgan, mamlakatimizning 80 foizdan ortiq tuman va shaharlarida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda dolzarb ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi ta’sirchan ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
O‘zi bir g‘azalida:
Mudom so‘z izla, gar bilsang, so‘z avval keldi, oxir ham,
Tafakkur dengizi uzra dur-u gavhar bo‘lar shu so‘z, –
deb yozganidek, ustozning taqdirini so‘z belgiladi, u kishi nimaga erishgan bo‘lsa, so‘z sharofati bilan erishdi, el-yurtda so‘zi orqali e’tibor topib, mashhur bo‘ldi va so‘z o‘zining bu sodiq muhibi nomini abadiyatga naqshlashi shubhasiz.
Ergash Ochil,
filologiya fanlari nomzodi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.