Sariosiyolik o‘quvchi bir vaqtning o‘zida 32 ta universitet grantiga ega bo‘ldi
Bugungi kunda xalqaro ta’lim maydonida o‘zbekistonlik yoshlarning yutuqlari tez-tez tilga olinmoqda. Ayrim natijalar esa nafaqat muvaffaqiyat, balki butun ta’lim tizimi uchun ilhom manbaiga aylanadi. Surxondaryo viloyati Sariosiyo tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi — Akbar Dostonov erishgan natija ana shunday tarixiy yutuqlardan biri bo‘ldi.
Akbar AQSH, Shveysariya, Italiya va Kanadaning nufuzli oliygohlaridan jami 32 ta taklif(offer) oldi. Eng e’tiborli jihati — unga taqdim etilgan umumiy grant mablag‘i 2 million 165 ming 800 AQSH dollarini tashkil etdi. Bu natija nafaqat bir o‘quvchining shaxsiy muvaffaqiyati, balki oila, maktab va o‘quvchining birgalikdagi mehnati qanday ulkan samara berishi mumkinligini ham ko‘rsatdi.

Akbar Dostonov qabul qilingan universitetlar orasida:
Ohio Northern University
Augustana College
Ohio Wesleyan University
Washington College
University of Dayton
Franklin University Switzerland
The American University of Rome
kabi xalqaro nufuzga ega ta’lim muassasalari bor.
Eng yuqori grantlardan biri Ohio Northern University tomonidan taqdim etildi — 232 ming dollarni tashkil etadi. Shuningdek, Augustana College 176 ming dollar, Ohio Wesleyan University esa 148 ming dollarlik grant ajratgan.
Eng katta tayanch — oilaviy muhit bo‘ldi
Akbarning ota-onasiga ko‘ra, bu natija ortidagi asosiy omillardan biri — oilada yaratilgan muhit va farzandga berilgan ishonch bo‘lgan. Ularning aytishicha, farzandlarini faqat nazorat qilish emas, balki uni tushunish, fikrlarini tinglash va orzulariga ishonish muhim bo‘lgan.

—Farzandimizning 32 ta universitetdan taklif olishida oilaviy muhitning o‘rni juda katta bo‘ldi. Biz uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga harakat qildik. Ayniqsa, sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga e’tibor qaratdik. Shu bilan birga, bu qiyin jarayonda doim yonida bo‘lib, ma’naviy tayanch bo‘lishga intildik. Aynan shu ishonch va qo‘llab-quvvatlash uning o‘z maqsadiga ishonch bilan borishiga yordam berdi, — deydi ular.

Ota-ona uzoq tayyorgarliklar jarayonida “qiyin bo‘lyapti, to‘xtatsakmi?” degan fikr umuman bo‘lmaganini ta’kidlaydi.
— Chunki farzandimiz ilmga chanqoq va har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga harakat qiladigan sabr-toqatga ega. Biz faqat uning yo‘lida suyanch bo‘lishga harakat qildik.
Ular shuningdek, boshqa ota-onalarga ham muhim maslahat beradi:
— Farzandning fikrini eshitish, tanlovini hurmat qilish va unga ishonish juda muhim. Ba’zan ota-onaning oddiy ishonchi farzand uchun eng kuchli motivatsiyaga aylanadi.“
Zamonaviy maktab endi global raqobatga tayyorlashi kerak
Maktab rahbariyatining fikricha, bunday natija tasodif emas. Bu — o‘quvchi uchun yaratilgan tizimli muhit samarasi.Ularning ta’kidlashicha, xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik, hujjat topshirish jarayonlari va zarur resurslardan foydalanish uchun o‘quvchilarga keng imkoniyatlar yaratilgan.
—Maktabda yaratilgan muhit o‘quvchilarning diqqatini faqat bilim va maqsadga qaratish imkonini berdi. Rahbariyatning to‘g‘ri yondashuvi va tizimli ko‘magi shunday natijalar uchun mustahkam poydevor bo‘ldi, — deydi maktab direktori.
Uning fikricha, bugungi maktab endi faqat dars o‘tiladigan joy emas.— Zamonaviy maktab o‘quvchini global raqobatga tayyorlaydigan markazga aylanishi kerak. O‘quvchi faqat mahalliy emas, xalqaro maydonda ham raqobatlasha olishi uchun maktab dunyo miqyosida fikrlashni o‘rgatishi lozim, deydi yana u.
Men ham shunday natijaga erisha olaman
Akbarning muvaffaqiyati maktabdagi boshqa o‘quvchilarga ham katta motivatsiya bo‘lgan. Maktab jamoasiga ko‘ra, bu natijadan keyin o‘quvchilar orasida xalqaro universitetlar, grantlar va chet el ta’limiga qiziqish yanada kuchaygan.
— Maktabimizda iqtidorli va intiluvchan o‘quvchilar ko‘p. Lekin Akbarning birvaqtning o‘zida 32 ta universitetdan taklif olishi barcha uchun katta turtki bo‘ldi. O‘quvchilarda “men ham shunday natijaga erisha olaman” degan ishonch paydo bo‘ldi.
Akbar Dostonovning yutug‘i nafaqat bir oila yoki bir maktabning g‘alabasi. Bu —O‘zbekistondagi iqtidorli yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, xalqaro ta’limga intilish va yangi avlodning ulkan maqsadlari ifodasi. Eng muhimi, bu hikoya katta natijalar tasodifdan emas — ishonch, mehnat, muhit va to‘g‘ri yo‘nalishdan tug‘iladi degan haqiqatni yana bir bor isbotladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA