Senatorlar: “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni yanada takomillashtirish zarur
Senat yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun ko‘rib chiqildi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev mazkur konstitutsiyaviy konun mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish hamda zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Qonunda Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, uning faoliyatini tartibga soluvchi asosiy prinsiplar, boshqaruv tizimi, vakolatlari, shuningdek, institutsional tuzilmasi belgilanmoqda.
Moliya markazi hududida investorlar uchun huquqiy barqarorlik va ishonchli sud himoyasini ta’minlashga qaratilgan normalar ham qonunda o‘z aksini topgan. Senatorlar Moliya markazi ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga alohida to‘xtaldi.
Jumladan, ushbu Markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutada hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, vizalar olishda soddalashtirilgan maxsus tartiblar belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Muhokama davomida qonunning ayrim normalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Xususan, Toshkent xalqaro tijorat sudi sudyalariga qo‘yilayotgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, Toshkent xalqaro tijorat sudining har qanday xalqaro arbitrajga oid ishni, ma’muriy-huquqiy nizolarni ko‘rish hamda Konstitutsiya va qonunlarga sharh berish vakolatlarini aniqlashtirish kabi masalalarni qayta ko‘rib chiqish lozimligiga e’tibor qaratildi.
Senatorlar fikricha, mazkur takliflarni inobatga olgan holda ushbu qonunni yanada puxta ishlash investorlar huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda Toshkent xalqaro moliya markazining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-29939]
Qizg‘in muhokamada konstitutsiyaviy qonunni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborish, senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda uni qayta ishlash maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi.
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA