Senat: Yer ajratishni tartibga soluvchi qoidalarni xalqaro huquq normalariga moslashtirish zarur
Mamlakatimizda yerdan oqilona va samarali foydalanish, yerga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish hamda qishloq xo‘jaligi sohasidagi iqtisodiy faoliyat uchun qulay huquqiy muhit yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yerni bozor aktiviga aylantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, o‘rmon fondi yerlarining toifasini o‘zgartirish tartibini aniq belgilash, yer ajratishni tartibga soluvchi qoidalarni xalqaro huquq normalariga moslashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Bu Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlaridan oqilona, samarali va uzluksiz foydalanish, yer uchastkalari ajratishni huquqiy jihatdan tartibga solish, bo‘sh turgan yer uchastkalarining o‘z vaqtida hisobga olinishini va realizatsiya qilinishini tashkil etish hamda ijarachilarning va mulkdorlarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonun yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlaridan oqilona, samarali foydalanish, yer uchastkalari ajratishni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA