Senat Raisi yoshlar bilan ochiq muloqot qildi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari, yosh tadqiqotchilar, “Sharqshunos tahlilchilar” va “Yosh sharqshunos diplomatlar klubi” a’zolari hamda professor-o‘qituvchilar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Yoshlar kuni doirasida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, parlament diplomatiyasi, yoshlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi o‘rni va yosh kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Yoshlar parlamenti faoliyati, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
– Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mamlakatimiz uchun xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassislari va sharqshunos olimlarni tayyorlaydigan yetuk ta’lim maskaniga aylandi, – dedi T.Norboyeva. – Sizning timsolingizda nafaqat kelajak diplomatlari yoki tarjimonlari, balki mamlakat taqdiriga daxldor qarorlar qabul qiladigan, O‘zbekiston manfaatlarini xalqaro maydonda munosib himoya qila oladigan intellektual salohiyatli yoshlarni ko‘ramiz.

Muloqot jonli savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Talabalar tashqi siyosat, diplomatik faoliyat, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, yoshlarni davlat xizmatiga tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va xorijiy tajribalarni o‘rganishga oid o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA