Faxriylar holidan xabar olinib, mard o‘g‘lonlar xotirasi yod etilmoqda
9-may – Xotira va qadrlash kuni
9-may – Xotira va qadrlash kuni oldidan Surxondaryo viloyatida Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida mehnat qilgan faxriylarga chuqur ehtirom ko‘rsatilib, mustaqillik yillari Vatan tinchligi, yurt obodligi yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar yodga olinmoqda.

Muzrabot tumanida ulg‘aygan serjant Ziyodulla Qo‘ldoshev tog‘li hududlarda mamlakatimiz chegaralarini buzib kirishga harakat qilgan bosqinchi to‘dalar bilan bo‘lgan jangda 2002-yil 30-avgustda qahramonlarcha halok bo‘lgan. 24 yoshida Vatan uchun jon tikkan o‘g‘lon bundan o‘ttiz bir yil avval tumandagi 33-umumta’lim maktabini bitirib, Farg‘ona viloyatidagi havo-desant qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tadi. 2000-yilda Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga qabul qilindi. U oiladagi uch o‘g‘il va ikki qizning to‘ng‘ichi edi.

Prezidentimizning farmoniga muvofiq vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan marhum harbiy xizmatchining nomi abadiylashtirilib, Muzrabot tumanidagi o‘zi o‘qigan 33-maktabga Z.Qo‘ldoshev byusti o‘rnatilgan. Tumanning Yo‘lchi mahallasidagi ko‘chalardan biriga uning nomi berilgan. Jasur harbiy xizmatchi ta’lim-tarbiya olgan maktabda tashkil etilgan Xotira burchagi o‘quvchilarni Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat, mard, jasur ajdodlar an’anasiga hurmat ruhida ulg‘aytirishga xizmat qilmoqda.

Xotira va qadrlash kuni arafasida Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulov bir guruh harbiy xizmatchilar hamrohligida Ziyodulla Qo‘ldoshev kamolga yetgan xonadonda bo‘lib, oila a’zolari holidan xabar oldi. Ular bilan dildan suhbatlashib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun jon fido qilgan o‘g‘lonning xotirasini yod etdi. Tengdoshlari va safdoshlariga ibrat bo‘lgan yuksak fazilatlari esga olindi. Mard, jasur yigitni tarbiyalab, ulg‘aytirgan oilaga chuqur ehtirom va ma’naviy ko‘mak ramzi sifatida sovg‘alar topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri