Senat: Faqat erkak talabalar harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi belgilangan qonun takomillashtiriladi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunning Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida ijro etilishi holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy harakatlar davrida qo‘shinlarni malakali komandirlar bilan o‘z vaqtida to‘ldirish, harbiy hisob ixtisosliklarini mustahkamlash hamda zamonaviy qurol-aslahalarni boshqara oladigan yuqori malakali ofitserlar tarkibini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega.
Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogik universiteti Harbiy ta’lim fakultetida amaldagi qonunchilikka muvofiq 33 yo‘nalish bo‘yicha 1 ming 68 nafar rezerv va zaxiradagi ofitser tayyorlanmoqda.

Zamonaviy tahdidlarni hisobga olgan holda rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi takomillashtirilib, mavjud o‘quv dasturlari zamonaviy urushlar tajribasi asosida boyitilgan.
Shu bilan birga, Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jang olib borishning yangi usullari, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, robotlashtirilgan vositalar hamda o‘q-dorilar va ulardan himoyalanish usullari o‘quv jarayoniga joriy etilgan.
Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturlari talablarini to‘liq bajarish maqsadida 200 dan ortiq o‘quv moddiy-texnik bazalar yaratilgan va jihozlangan.
Mudofaa vazirligi harbiy qismlari va muassasalari o‘quv bazalari hamda dala-o‘quv maydonlarida o‘quv yig‘inlari va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan. Shu bilan birga, mazkur amaliy mashg‘ulotlar jarayonida zamonaviy qurol-aslahalar namunalaridan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan va bakalavriat ta’limini to‘liq tamomlagan talabalarga belgilangan tartibda “leytenant” harbiy unvoni berilib, ular haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilmoqda yoki rezerv hamda zaxira safiga o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga, olib borilgan o‘rganishlar, aholi bilan muloqotlar, qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi holati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili sohada ayrim muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagida bo‘lgan xotin-qizlar soni ko‘payib borayotgan bir sharoitda ularning bu boradagi huquqlarini kafolatlovchi asoslar yetarli emas. Jumladan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limida o‘qiyotgan faqat erkak talabalar harbiy tayyorgarlikdan o‘tishlari belgilangan.
Harbiy ta’lim fakultetlariga o‘qishga qabul qilinadigan talabalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish mexanizmlari ham aniq belgilanmagan. Ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida hududiylik prinsiplariga aniqlik kiritilmagan.

Senatorlar bu kabi muammolarni hal etish maqsadida amaldagi qonun hujjatlarini chuqur tahlillar asosida o‘rganib, takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Probatsiyani amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlarida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlari va nazorat sub’ektlarining bu boradagi vazifalari to‘liq belgilanmagani mazkur munosabatlarni huquqiy jihatdan yanada aniq tartibga solishni talab etmoqda.
Qonun aynan shu maqsadlarga xizmat qilib, shartli ozod qilingan shaxslar ustidan samarali probatsiya nazoratini o‘rnatish, ular tomonidan qayta huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishining oldini olish, shuningdek tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Muhokama yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA