Savdo-sanoat palatasi: muammolar ochiq aytildi, yechimlar muhokama qilindi
Tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning faolligini yanada oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va faoliyati davomida duch kelayotgan masalalarga amaliy yechim topish maqsadida Savdo-sanoat palatasida tadbirkor ayollar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda Bojxona qo‘mitasi raisining maslahatchisi U.Pirmuhamedova hamda qo‘mitaning bir guruh mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida tadbirkor ayollarning faoliyatida uchrayotgan muammolar, ularning amaliy taklif va tashabbuslari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va mavjud imtiyozlar xususida fikr almashildi.

Shuningdek, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash hamda murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga tezkor va amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda tadbirkorlarga bojxona sohasida yaratilayotgan qulaylik va yengilliklar, amaldagi tartib-taomillar hamda ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi faolligi yil sayin ortib bormoqda. Jumladan, 2018-yilda yakka tartibdagi tadbirkor ayollar soni 69,8 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 129,6 ming nafarga yetgan.
Ayollar rahbarligidagi tadbirkorlik sub’ektlari soni ham izchil oshib bormoqda. 2024-yilda ularning soni 100,7 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 112,5 mingtaga yetdi. 2026-yilning birinchi yarmida esa mazkur ko‘rsatkich qariyb 120 mingtani tashkil etdi.

Bu raqamlar xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy hayotidagi ishtiroki va tadbirkorlikdagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Ochiq muloqot yakunida tadbirkor ayollarni qiynayotgan masalalarni o‘rganish, bildirilgan taklif va tashabbuslarni tegishli tartibda ko‘rib chiqish hamda ularni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan kelishib olindi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA