Navoiyda 9 ta yirik va muhim ob’ekt foydalanishga topshirildi
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Navoiy viloyatida aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududning sanoat va energetik salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy samarasi sifatida 9 ta muhim sanoat, energetika va ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirildi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun jami 571 million dollardan ortiq xorijiy investitsiya hamda 41,7 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirildi. Eng muhimi, mazkur loyihalar natijasida 800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa hududlarda investitsiyaviy faollikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish borasidagi islohotlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Viloyatda sanoat va “yashil” energetika yo‘nalishida amalga oshirilgan loyihalar alohida ahamiyatga ega. Xususan, Nurota va Xatirchi tumanlarida granit toshlarini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha uchta yirik majmua ishga tushirildi.
Nurota tumanida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Shiji jianfa stone” korxonasiga 100 million dollar investitsiya kiritilib, 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “An rui stone” loyihasi doirasida esa 45 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 150 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Xatirchi tumanida ishga tushirilgan “National Ceramics” korxonasi ham hudud iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Loyihaga 16 million dollar investitsiya jalb etilgan bo‘lib, 350 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonaning yillik 2,5 million dollarlik eksport salohiyatiga ega ekani esa uning nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorlarda ham raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatini oshiradi.
E’tiborlisi, Navoiy viloyatida “yashil” energetikani rivojlantirish borasida ham salmoqli qadamlar tashlanmoqda. Nurota tumanida qiymati 390 million dollar bo‘lgan, 300 megavatt quvvatga ega “NUROTA SOLAR POWER” quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilgan mazkur stansiya yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu nafaqat energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash, balki qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni mustahkamlashda muhim qadamdir. Shu bilan birga, stansiya faoliyati natijasida mahalliy byudjetga yiliga 56 milliard so‘m tushum kelishi kutilmoqda.

Mustaqillik bayrami arafasida ijtimoiy soha, xususan, ta’lim tizimida ham muhim ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, Zarafshon shahrida yangi massiv aholisi farzandlari uchun 15,2 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga 15-sonli zamonaviy maktab barpo etildi. Nurota tumani “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 11 milliard so‘mlik loyiha asosida 330 o‘rinli 1-sonli maktab foydalanishga topshirildi.
Navoiy shahrining Me’mor mahallasida esa 7,3 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan 19-sonli maktabning qo‘shimcha binosi barpo etildi. Yangi ta’lim maskanlarida o‘quvchilarning sifatli bilim olishi, zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasida ham bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Navbahor tumanidagi 12-sonli hamda Navoiy shahri Umid mahallasidagi 13-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘liq mukammal ta’mirlanib, tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratildi.
Mustaqillik bayrami arafasida Navoiy viloyatida ishga tushirilgan mazkur ob’ektlar hududda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, energetika salohiyatini oshirish hamda ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri