Sanoat yarmarkasi ish boshladi
Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Respublika zargarlik sanoati ko‘rgazmasi ish boshladi.
Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev har bir viloyatda sanoat yarmarkalarining o‘tkazilishi katta ahamiyatga ega ekanligi, ishlab chiqaruvchilarni bir-biriga bog‘lovchi katta maydon vazifasini o‘tayotganini ta’kidladi.
Qatnashchilar viloyatlardan tashrif buyurgan 200 ga yaqin yetakchi sanoat korxonasi, hunarmand va tadbirkorlarning import o‘rnini bosuvchi 750 turdagi mahsulotlari, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan turli jihoz va uskunalar namunalari hamda istiqbolli loyihalar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-14386]
Ikki kun davom etadigan yarmarkada elektrotexnika, kimyo sanoati, charm-poyabzal, energetika va qurilish materiallari sohasida mahalliylashtirish darajasini oshirish orqali ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar, zargarlik va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar, “V2V” uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, sanoat korxonalari, kichik biznes sub’ektlari mahalliy mahsulotlarni xarid qilish hamda butlovchi qismlar, materiallar va xomashyolarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev, O‘zA muxbirlari