Tavakkal Qodirov el qalbida
Tavakkal Qodirov o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atida o‘ziga xos o‘rin egallagan mashhur xonanda, lirik tenor ovoz sohibi va xalq orasida katta hurmat qozongan san’atkorlardan biri hisoblanadi. U o‘zining betakror ijrosi, mumtoz ashulalarni yurakdan kuylashi hamda milliy musiqa an’analarini asrab-avaylashga qo‘shgan hissasi bilan san’at muxlislari qalbidan chuqur joy olgan. Agar hayot bo‘lganida bu buyuk san’atkor 100 yoshga to‘lgan bo‘lar edi.
Tavakkal Qodirov ijrosidagi xalq qo‘shiqlari va mumtoz ashulalar tinglovchilarga alohida ruhiy ta’sir ko‘rsatar edi. Uning ovozida milliylik, samimiyat va xalqona ohang mujassam edi. San’atkor o‘z ijrosida nafaqat qo‘shiq aytar, balki xalqning dardi, muhabbati va orzu-intilishlarini ham ifoda etardi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida O‘zbekiston xalq artisti Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab “Tavakkal Qodirov qo‘shiqlari el qalbida” nomli xalqaro tanlov e’lon qildi.

– Ko‘rik- tanlovda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan havaskor va professional bo‘lgan ijodkorlar qatnashadi, – deydi Farg‘ona viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Tojiboyev. – Bugungacha O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi Tavakkal Qodirov ixlosmandlari bo‘lgan san’atkorlar tanlovda ishtirok etish istagini bildirdi. Ko‘rik-tanlovning asosiy sharti shuki, uning ishtirokchilari Tavakkal Qodirov ijro etgan qo‘shiqlarni kuylashi lozim.
Ustoz san’atkor ko‘plab yosh ijodkorlarga ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan. Uning san’at maktabi Farg‘ona vodiysida milliy qo‘shiqchilik an’analarining saqlanishi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
– Tavakkal Qodirov millatning haqiqiy hofizi. Ustozning qo‘shiqlari xalqning ma’naviy boyligi. Men ham ustozning minglab shogirdlaridan biriman, –deydi O‘zbekiston xalq hofizi Ilhom Ibrohimov. – 1990-yilda bo‘lgan ko‘rik- tanlovda men “Ayting, go‘zalim” degan qo‘shiq aytgan edim. Ustoz hay’at raisi bo‘lganlar. Meni chaqirib qo‘shiqning mana bu yerini bunday, bu joyni bunday qilib ijro etgin, deb o‘rgatganlar. Ustozning e’tiboridan kuch oldim. Ishonchim komil bundan buyon ham xalqimiz orasidan ko‘plab Tavakkal Qodirov kabi iqtidor egalari chiqadi.

Asosiy tadbirlar shu yil 30-31-may kunlari “Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasi” va Islom Karimov nomidagi san’at saroyida bo‘lib o‘tadi.
– Anjuman doirasida Tavakkal Qodirov ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkaziladi, – deydi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov. –Tanlovga yuzdan ziyod ishtirokchi qatnashish istagini bildirdi. Ular viloyat hokimi tashabbusi bilan “Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasi”dagi yangi amfiteatrda ijodiy kuch sinashadilar. Bu bilan ular xalq e’tiboriga tushsalar ajab emas.
Ha, Tavakkal Kodirov o‘zbek milliy musiqasining fidoyi vakillaridan biri sifatida xalqimiz madaniy merosida munosib o‘rin egallaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/B9JUTs0TPQI?si=GMjHGkXMOVXurn5z" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA