Sanatoriy-kurort tashkil etuvchi tadbirkorlarga yangi imtiyoz
Samarqand viloyatining tabiiy va rekreatsion salohiyatidan foydalanib, tibbiy hamda sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish maqsadida "Nurbuloq" sanatoriy-kurort shahrini tashkil etish to‘g‘risida Prezident qarori loyihasi tayyorlandi.
Loyihaga ko‘ra, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 470 gektar yer maydonida viloyat bo‘ysunuvidagi "Nurbuloq" sanatoriy-kurort shahri tashkil etish taklif etilmoqda.
2035-yil 1-yanvarga qadar xalqaro SPA va sanatoriy-kurort tashkil etuvchi tadbirkorlar respublikaga olib kiriladigan asbob-uskuna, texnologiya va xomashyo uchun bojxona bojidan to‘liq, yer solig‘ining 50 foizidan ozod etiladi. Shuningdek, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab tibbiyot muassasalari xorijiy fuqarolarga turoperatorlar orqali xizmat ko‘rsatganda, to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi keshbek tarzida qaytarilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qaror loyihasi doirasida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmining milliy "Avitsenna" brendi tasdiqlanib, uni rivojlantirish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturi belgilanadi.
Shuningdek, Loyihada Nurbuloqni uzluksiz faoliyat yurituvchi sanatoriy-kurort shahriga aylantirish, sanatoriy-kurort muassasalari sonini 50 taga, ulardagi o‘rinlar sonini 7 400 taga yetkazish, tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi yo‘nalishidagi mahalliy va xorijiy turistlar sonini 2 baravar, bu yo‘nalishdagi xizmatlar eksportini 2,3 baravar oshirish, sayyohlarning o‘rtacha qolish muddatini 5 kundan 8 kungacha yetkazish hamda Nurbuloqni milliy va xalqaro miqyosda raqobatbardosh brend sifatida shakllantirish kabi shaharni rivojlantirishning bir qator maqsadli ko‘rsatkichlari belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA