O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi turizm aloqalari kengaymoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm hamda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni va sayyohlar oqimi yil sayin ortib bormoqda.
Bu esa mamlakatimizning xalqaro turizm bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Xitoy Xalq Respublikasining “Loong Air” aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm hamda fuqaro aviatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, aviaqatnovlar tarmog‘ini kengaytirish va sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda “Loong Air” aviakompaniyasi Sian – Toshkent, Chendu – Toshkent hamda Sian – Samarqand yo‘nalishlarida muntazam reyslarni amalga oshirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovlarini faol rivojlantirmoqda.
Uchrashuvda Xitoy O‘zbekiston uchun eng muhim tashqi turistik bozorlardan biri ekani alohida qayd etildi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2025-yilda mamlakatimizga 278,9 ming nafardan ortiq xitoylik sayyoh tashrif buyurgan. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida esa bu ko‘rsatkich 223,5 ming nafarga yetgani ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik almashinuvning barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Muzokaralar davomida mavjud aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish, O‘zbekiston va Xitoyning boshqa shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish, shuningdek, ikki tomonlama turistik oqimni yanada oshirish maqsadida qo‘shma marketing va reklama kampaniyalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, transport bog‘liqligini kengaytirish hamda mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA