Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Urgut tumani Taroqli mahallasidagi Amir Temur nomli oilaviy poliklinikaning 1978-yilda qurilgan binosi o‘rnida 3,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, ikkinchi tipdagi yangi oilaviy poliklinika hamda tez yordam shoxobchasi bunyod etildi.
Zamonaviy qurilish materiallari asosida qurilgan muassasada tibbiyot xodimlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Endilikda ushbu maskan hududdagi uch mahallaning 15 ming nafardan ortiq aholisiga yanada sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

***
“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida tuman(shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari va tarbiyachilar ishtirok etdi.
Bog‘cha rahbarlari va tarbiyachilari kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish hamda tizimda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda “Eng namunali direktor o‘rinbosari”, “Eng namunali tarbiyachi”, “Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”, “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi”, “Ma’naviy qadriyatlar tarbiyachisi”, “O‘yin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.

***
Nurobod tumanida turizmni rivojlantirish maqsadida uchta master reja – “Nurobod tumani markazi”, “Nurbuloq kurort shaharchasi” va “Hazrati Dovud ziyoratgohi” loyihalari viloyat turizm boshqarmasi va tuman hokimligi mas’ullari ishtirokida muhokama qilindi.

Hududning barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga ko‘ra, tuman markazini ma’muriy va servis markaziga aylantirish, Nurbuloq kurort shaharchasida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini ommalashtirish, Hazrati Dovud ziyoratgohidan esa ekoturizm va ziyorat markazi sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA