Estoniyaning ERR milliy teleradiokompaniyasida ko‘hna Buxoro
Qadimiy va boqiy Buxoro yana bir bor xalqaro e’tibor markazida bo‘ldi. Yurtimizning boy tarixi, betakror me’moriy obidalari, asrlar davomida sayqal topgan milliy an’analari hamda noyob gastronomik merosini keng targ‘ib etish maqsadida Estoniyaning ERR milliy teleradiokompaniyasi ijodkorlari Buxoro viloyatida bo‘lib, maxsus hujjatli filmni tasvirga oldi.
Mazkur loyiha orqali dunyo jamoatchiligiga Buxoroning ko‘p asrlik tarixi, madaniy merosi va mehmondo‘st xalqi hayotini yanada yaqindan tanitish ko‘zda tutilgan. Suratga olish ishlari davomida ijodiy guruh shaharning eng mashhur va qadimiy qadamjolarida bo‘lib, ularning betakror tarixi va me’moriy yechimlarini kameraga muhrladi.

Jumladan, dunyo sivilizatsiyasining noyob durdonalaridan biri sanalgan “Ark” qo‘rg‘oni, asrlar davomida Buxoro hayotining markazi bo‘lib kelgan “Labi Hovuz” ansambli, yuksak salobati bilan sayyohlarni maftun etadigan “Poyi Kalon” majmuasi, qadimiy savdo toqlari hamda Tim Abdullaxon kabi madaniy meros ob’ektlarida tasvirga olish ishlari amalga oshirildi.

Buxoro nafaqat tarixiy obidalari, balki o‘zining milliy taomlari bilan ham mashhur. Shu bois film ijodkorlari uchun hududning gastronomik an’analariga bag‘ishlangan maxsus mahorat darslari ham tashkil etildi. Ayniqsa, o‘zining betakror ta’mi va tayyorlanish usuli bilan mashhur bo‘lgan “G‘ijduvon shashligi” hamda Buxoroning qadimiy milliy taomlaridan sanaluvchi “Oshi sofi” tayyorlanishi jarayoni mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Milliy oshxona — xalqning tarixi, turmush tarzi va qadriyatlarining ajralmas qismi. Buxoro taomlarida ham asrlar davomida shakllangan an’analar, mehmondo‘stlik va milliy ruh yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, tandirda pishirilgan xushbo‘y go‘shtlar, ziravorlarga boy palov va qadimiy retseptlar asosida tayyorlanadigan taomlar sayyohlar qalbida unutilmas taassurot qoldiradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur hujjatli filmning Buxoroga bag‘ishlangan maxsus soni joriy yil oktabr oyida ERR telekanali orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Bu esa nafaqat Buxoroning xalqaro turizm nufuzini yanada oshirishga, balki O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini jahonga keng targ‘ib etishga xizmat qiladi. Qadimiy Buxoro esa o‘zining betakror jozibasi, muqaddas qadamjolari va mehmondo‘st xalqi bilan dunyo ahlini yanada maftun etishda davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri