Samarali davlat boshqaruvi uchun zamonaviy kompetensiyalar qanday shakllantiriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Britaniya menejment universiteti (BMU) hamkorligida vazirlik va idoralarning davlat xizmatchilari uchun "Samarali davlat boshqaruvi uchun kompetensiyalar" mavzusida tadbir tashkil etildi.
Unda loyihalarni boshqarish va natijaga asoslangan boshqaruv; boshqaruv qarorlarini qabul qilishda ma’lumotlar tahlilidan foydalanish; strategik menejment va liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish; davlat moliyasini boshqarish, zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or tajribalar; davlat organlarida samarali kommunikatsiya va jamoatchilik bilan aloqalar kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar taqdim etildi.

Ishtirokchilarga BMUning bakalavriat va magistratura dasturlari, ikkinchi oliy ma’lumot olish hamda malaka oshirish imkoniyatlari hamda Queen Margaret University, Project Management Institute (PMI) va Microsoft bilan xalqaro hamkorlik doirasidagi ta’lim va professional rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Zamonaviy davlat boshqaruvi – zamonaviy bilim, kompetensiya va liderlik salohiyatiga ega davlat xizmatchilarini talab etadi. Mazkur hamkorlik davlat xizmatida yangi boshqaruv yondashuvlarini shakllantirish, ilg‘or xalqaro tajribani amaliyotga joriy etish va natijaga yo‘naltirilgan professional kadrlar salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Kadrlar siyosati boshqarmasi bosh mutaxassisi Said Rahimovning qayd etishicha, tadbir davlat tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun juda foydali va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki zamonaviy HR faoliyati endilikda faqat xodimlarni ishga qabul qilish yoki ma’muriy jarayonlarni tashkil etish bilangina cheklanmaydi. HR bo‘linmalari tashkilotning strategik rivojlanishi, xodimlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va yuqori natijadorlikni ta’minlashda muhim strategik bo‘g‘inga aylanmoqda. Taqdimot davomida loyihalarni boshqarish, natijaga asoslangan boshqaruv, ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish, strategik menejment, liderlik va samarali kommunikatsiya kabi yo‘nalishlarda zamonaviy yondashuvlar bilan tanishdik. Seminarning yana bir muhim jihati – biz nafaqat davlat boshqaruvi sohasidagi, balki xususiy sektor va xalqaro hamkorlik doirasidagi ilg‘or tajriba va yondashuvlar bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Xususiy sektorda inson kapitalini boshqarish, xodimlarni rivojlantirish, liderlarni shakllantirish va natijadorlikni baholash bo‘yicha qo‘llanilayotgan zamonaviy amaliyotlarni davlat xizmatiga moslashtirish uchun bunday tajriba juda qimmatli, deb hisoblayman. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar, ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv va xodimlarning individual rivojlanishiga e’tibor qaratish borasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish davlat tashkilotlari uchun juda muhim.
Bunday seminarlar nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarni oshirish, davlat xizmatida zamonaviy fikrlaydigan, professional va natijaga yo‘naltirilgan kadrlar salohiyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA