Do‘stlikning yangi manzili
Tarixda shunday sanalar borki, ular bir xalqning emas, butun insoniyat taraqqiyotining muhim bosqichlarini o‘zida mujassam etadi. Ana shunday muhim voqealardan biri — Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligining 250 yilligi.
Bu qutlug‘ sana bugun dunyoning turli nuqtalarida turli tadbirlar bilan nishonlanmoqda. Ana shu jarayonda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 34 yilligi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro zaminida o‘tkazilayotgan “Freedom 250 Roadshow” ko‘chma ko‘rgazma va jamoatchilik tadbiri esa ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning bugungi mazmunini keng jamoatchilikka namoyon etuvchi o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Hezer Berns ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Botir Zaripov O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, yangi mazmun va amaliy yo‘nalishlar bilan boyib borayotganini ta’kidladi.
Ayniqsa, ikki davlat rahbarlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi ochiq, ishonchli va do‘stona muloqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratayotgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritish, jahonning yetakchi davlatlari bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish, O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda yanada keng namoyon etishga qaratilgan tashabbuslari bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Davlat rahbarining 2025-yil noyabr va 2026-yil fevral oylarida AQSH ga amalga oshirgan ikki amaliy tashrifi ham ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi.
Oq uydagi oliy darajadagi muzokaralar, “C5+1” sammiti, AQSH hukumati, moliya institutlari va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar strategik sheriklikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirdi.
Eng muhimi, oliy darajada erishilgan kelishuvlar endi hududlar hayotida ham o‘z aksini topmoqda. Bugun O‘zbekiston hududlari AQSH shtatlari va shaharlari, universitetlari, biznes tuzilmalari, turizm va madaniyat muassasalari bilan aniq natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Buxoro va Santa-Fe shaharlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yaqin birodarlik aloqalari bunga yorqin misoldir. Buxoro viloyati ham xalqaro hamkorlik uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib kelmoqda.
2025-yilning noyabr–dekabr oylarida viloyat delegatsiyalarining AQSH ga ikki amaliy tashrifi tashkil etildi. Bu safarlar davomida iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi.
Dastlab Buxoro viloyati rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Tennessi, Kaliforniya, Nebraska, Texas va Nevada shtatlarida yirik kompaniyalar hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar yakunida umumiy qiymati 850 million dollarlik investitsiya loyihalarini ilgari surish va 200 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlar shakllantirildi.
Ular orasida zamonaviy tibbiyot va mehmonxona majmualari, startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, raqamli xizmatlar markazi, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti kabi muhim yo‘nalishlar bor. Bu raqamlar shunchaki statistika emas. Ularning ortida yangi korxonalar, zamonaviy texnologiyalar, ish o‘rinlari, eksportbop mahsulotlar va Buxoro iqtisodiyotining yangi imkoniyatlari mujassam.
Delegatsiyaning navbatdagi tashrifi Santa-Fe, Vashington, Florida, Nyu-York va Nyu-Jersi shaharlarini qamrab oldi. Unda turizm, madaniyat, hunarmandchilik, ta’lim, tibbiyot va madaniy meros sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlarga erishildi. Santa-Fe bilan sheriklikni mustahkamlash, xalqaro festivallarga amerikalik hunarmandlar va ekspertlarni jalb etish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olindi. Shuningdek, Jahon yodgorliklar jamg‘armasi bilan Buxorodagi tarixiy uylar va madaniy meros ob’ektlarini asrash bo‘yicha muloqot yo‘lga qo‘yildi. Bu aloqalarning amaliy samarasi ko‘p o‘tmay namoyon bo‘ldi.

2026-yil fevral oyida Amerika delegatsiyasi Buxoroga tashrif buyurib, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. Buxoroning betakror turistik salohiyati Nyu-Yorkning mashhur Tayms-skver maydonidagi ekranlarda namoyish etilgani esa shaharning xalqaro turistik imijini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
— Mazkur safar va uchrashuvlarning eng qimmatli jihati — Buxoro va Amerika o‘rtasidagi muloqotning aniq loyihalar va jonli insonlar o‘rtasidagi aloqalarga aylanayotganidir. Bugun hunarmandlar, olimlar, tadbirkorlar, turizm vakillari va yoshlar bir-biri bilan bevosita fikr va tajriba almashmoqda. Mustahkam do‘stlik va uzoq muddatli sheriklik aynan shunday munosabatlardan boshlanadi, — dedi Botir Zaripov.
Darhaqiqat, xalqaro hamkorlikning eng katta boyligi faqat sarmoya yoki savdo hajmi bilan o‘lchanmaydi. Uning eng mustahkam poydevori — insonlar o‘rtasidagi ishonch, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va kelajakka bo‘lgan umumiy ishonchdir. Shu ma’noda, “Freedom 250 Roadshow” ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
AQSH elchisi o‘rinbosari Hezer Berns o‘z nutqida “Freedom 250 Roadshow” loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, tadbir orqali Amerika Qo‘shma Shtatlarining ta’lim, innovatsiya, texnologiya, biznes va madaniyat sohalaridagi imkoniyatlari keng jamoatchilikka taqdim etilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, yoshlar, ta’lim va innovatsiyalarning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rni muhim ekani qayd etildi. Zero, bugungi yoshlar — ertangi O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining yangi avlod elchilaridir.

Ularning Amerikada tahsil olishi, xalqaro dasturlarda ishtirok etishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishi, xorijiy tengdoshlari bilan tajriba almashishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni uzoq yillarga ta’minlaydigan intellektual ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Buxoroda ikki kun davom etadigan tadbir doirasida tashrif buyuruvchilar interaktiv ko‘rgazmalar bilan tanishish, AQSHda ta’lim olish imkoniyatlari, xalqaro ta’lim dasturlari va akademik almashinuv loyihalari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Amerikalik va o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan ochiq muloqotlar, yangi g‘oyalar, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion tashabbuslar taqdimotlari ham tadbirning muhim qismini tashkil etmoqda. Bu yerda ko‘rgazma shunchaki tomosha uchun emas. Bu — bilim olish, g‘oya topish, hamkor izlash, yangi imkoniyatlarni kashf etish va kelajak rejalarini belgilash maydoni.
“Freedom 250 Roadshow” Amerika Qo‘shma Shtatlarining 250 yillik davlatchilik tarixini namoyon etish bilan birga, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi 34 yillik diplomatik munosabatlarning bugungi mazmunini ham yaqqol ko‘rsatib bermoqda.

Bir tomonda — tarix. Ikkinchi tomonda — innovatsiya. Bir tomonda — madaniy meros. Ikkinchi tomonda — zamonaviy texnologiya. Ularni birlashtirib turgan asosiy kuch esa do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchdir. Bugun Buxoroda o‘tayotgan ushbu tadbirning ahamiyati ham shunda: u ikki mamlakat xalqlarini diplomatik doiralardagina emas, balki oddiy insonlar, yoshlar, olimlar, tadbirkorlar, hunarmandlar va ijodkorlar orqali yanada yaqinlashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro hamkorlikni yangi, amaliy va o‘zaro manfaatli bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslari tufayli bugun Buxoro dunyo bilan muloqot qilayotgan oddiy tarixiy shahar emas, balki yangi g‘oyalar, investitsiyalar, bilim va madaniy almashinuvlar tutashgan xalqaro muloqot maydoniga aylanmoqda.
Shu ma’noda, “Freedom 250 Roadshow”ning Buxoroda o‘tkazilishi ramziy ma’noga ham ega. Chunki tarixni o‘rganish insonni kechagi kun bilan bog‘lasa, do‘stlik va hamkorlik uni ertangi kun sari yetaklaydi. Buxoroda bugun ana shu ikki olam — tarix va kelajak bir maydonda uchrashmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri