Rossiya delegatsiyasi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko O‘zbekistonga tashrifini poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘idagi “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gul qo‘yishdan boshladi.
Dastlab mehmonlar umumiy tariximiz va uning yorqin sahifalari, jumladan, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani alohida hurmat-e’tibor bilan yod etib, janggohlarda qahramonlarcha halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari majmua ichida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyi bilan tanishib, urush yillarida xalqimiz ko‘rsatgan jasorat va matonat, frontortidagi mehnat fidokorligiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi.
Tashrif davomida mehmonlarga muzey joylashuvi, uning barpo etilish g‘oyasi va bu yerda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-28751]
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, tarixiy xotirani asrash va kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
S.Kiriyenko G‘alaba bog‘i majmuasining ma’naviy ahamiyatini yuksak baholab, mazkur maskan nafaqat tarixiy yodgorlik, balki yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Yuqori martabali mehmon mezey faxriy mehmonlar kitobiga dasxat qoldirdi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Otabek MIRSOATOV (surat),
O‘zA