O‘zbekiston va O‘mon: o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan sheriklik munosabatlari mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston va O‘mon parlamentlararo hamkorlik guruhlari a’zolarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan sheriklik munosabatlari mustahkamlanmoqda. Bu esa yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni institutsional jihatdan rivojlantirish, jumladan, hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada faollashtirish, qo‘mita vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova,
O‘zA