RF Dumasi migrantlar uchun qoidani kuchaytirmoqda
Rossiya Davlat Dumasi sudlangani qayd etilgan chet elliklarga fuqarolik, vaqtincha yoki doimiy yashash uchun ruxsatnoma berishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Mabodo muayyan ruxsatnoma berilgandan keyin sudlanganlik yozuvi aniqlansa ham ruxsatnoma bekor qilinishi mumkin.
Shuningdek, deputatlar xorij fuqarosini Rossiyadan chiqarib yuborishga asos bo‘ladigan ma’muriy huquqbuzarliklar ro‘yxatini ham kengaytirdi. Masalan, endi ruxsatsiz norozilik namoyishida ishtirok etish, RF armiyasi obro‘sini to‘kishga urinish, favqulodda vaziyat, terrorga qarshi amaliyot yoki harbiy holat paytida rioya qilinishi lozim bo‘lgan qoidani buzish, mayda bezorilik, politsiyaga bo‘ysunmaslik va ekstremizm bilan bog‘liq qator harakatlar jazolanadi.
Qonun Prezident tomonidan imzolangach, 180 kundan keyin kuchga kiradi. Yangi qoida qochqinlar va Rossiyada siyosiy boshpana olgan shaxslarga taalluqli emas.
S.Rahimov, O‘zA