Rektorlar janubdagi oliy ta’lim muassasalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan jismoniy tarbiya va sport sohasining kelgusi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlariga muvofiq Termiz davlat universitetining jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi tajribasini o‘rganish uchun Termiz shahriga kelgan mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bir yo‘la Surxondaryo viloyatidagi oliy ta’lim dargohlari bilan ham tanishdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori, akademik Sadriddin Turobjonov Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida bo‘lib, oliy ta’lim muassasasida talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘quv-ilmiy jarayonlari bilan qiziqdi.

Taniqli akademik universitetdagi “Surxon geologiyasi” muzeyi, axborot-resurs markazi va robototexnika to‘garagini ko‘zdan kechirib, moddiy-texnik bazasini yuqori baholadi. Yosh ixtirochilarning ishlanmalari va kutubxonadagi raqamli imkoniyatlar alohida e’tirof etildi.

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar sohalari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislar tayyorlamoqda. Ayni paytda universitetda 50 dan ortiq bakalavriat, qariyb 30 ta magistratura yo‘nalishida o‘n bir mingga yaqin talaba, magistrant, doktorant va mustaqil tadqiqotchi tahsil olmoqda. Ularga barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan o‘quv dargohida 330 dan ortiq professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Ularning 14 nafari fan doktori va 126 nafari fan nomzodi unvoniga ega. O‘tgan yil universitetning ilmiy salohiyati 41 foizga yetdi. Joriy yilda ilmiy va innovatsion salohiyatni 55 foizga yetkazish rejalashtirilgan. “Akademik harakatchanlik” dasturi bo‘yicha universitet mamlakatimizda ikkinchi o‘rinni egallab kelmoqda. 16 nafar yosh tadqiqotchi ilmiy-innovatsion faoliyati uchun g‘olib, deb topilib, bu yo‘nalishga 1 milliard 173 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Dunyoning 27 ta davlati bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan universitetning muhandislik va agrotexnologiya sohalarida dual ta’lim tizimi joriy etilgan. Talabalar korxona va agroklasterlarda amaliy tajriba orttirib, o‘qish davrining o‘zidayoq kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lmoqda. Endilikda oliy ta’lim dargohi huzuridagi injenerlik startap markazi va yosh agroinnovatorlar laboratoriyasi faoliyatini kuchaytirish, “Talaba – startapchi” modeli asosida g‘oyalarni tijoratlashtirishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.


Universitetda akademik Sadriddin Turobjonov bilan talabalar uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqot chog‘ida olim o‘zining hayot yo‘li va ilmiy faoliyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mamlakatimizda yoshlarning o‘qib, o‘rganishi va izlanib, yetuk mutaxassislar bo‘lishi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor to‘g‘risida fikr almashdi. Talaba yoshlarga qimmatli vaqtini qadrlash, xorijiy tillarni o‘rganish, zamonaviy muhandislik ko‘nikmalarini chuqur egallash yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri