Parlament komissiyasi cho‘llanishga qarshi kurashishdek dolzarb masalaga e’tibor qaratdi
Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Parlament komissiyasining hamraisi, Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda barqaror rivojlanish sohasidagi 15-milliy maqsad doirasida o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishi va bioxilma-xillikning yo‘qolishini to‘xtatish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
O‘tgan yilda respublikada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 220 ming gektar maydonda, asosan cho‘l hududlarida daraxtzorlar yaratildi.

Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida dengizning qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida 253 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etilgan.
Cho‘l, tog‘oldi hududlarida eroziyani va yerlarning degradatsiyaga uchrashining oldini olish maqsadida 2,9 ming gektardan ortiq maydonda himoya o‘rmonzorlari, 134 shahar va tumandagi 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etildi.
Majlisda Surxondaryo viloyatida o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanish va yer yemirilishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Viloyatdagi davlat o‘rmon xo‘jaliklarida o‘rmon bilan qoplangan maydon qariyb 2,8 ming gektarga kengaytirilgani qayd etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022 - 2025-yillarda o‘rmon xo‘jaliklaridagi ko‘chatxona va niholxonalarda 39 milliondan ziyod ko‘chat va nihol yetishtirilgan. Kattaqum massividagi qumliklarda 4 ming 218 gektar yer maydoniga saksovul va cherkez nihollari urug‘i sepilgan.

Shu davrda 4 ming 811 km ochiq va 701 yopiq kollektor tarmoqlari, 141 gidrotexnik inshoot, 770 kuzatuv qudug‘i ta’mirlangan, 17 gidrotexnik inshoot va 60 kuzatuv qudug‘i qayta qurilgan.
Mazkur tadbirlar natijasida yerlarning meliorativ holati yaxshilanib, viloyat bo‘yicha sho‘rlangan maydonlar 93,8 ming gektardan 90,1 ming gektargacha kamaytirilgan. Bu eroziya va degradatsiyaning oldini olishga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, majlisda tizimli muammolar mavjudligi ham qayd etildi. Jumladan, melioratsiya ob’ektlari va qishloq xo‘jaligi yerlarini shamol hamda suv eroziyasidan himoya qilish maqsadida ihota daraxtzorlari barpo etish ishlarini jadallashtirish, genetik resurslardan unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Majlis yakunida Parlament komissiyasining tegishli qarori, respublika hamda Surxondaryo viloyatida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) qabul qilindi.
Mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur vazifalar yuklatildi.
N.Abduraimova, O‘zA