Rasman: Jaloliddin Masharipov JCh-2026 turnirida ishtirok etolmaydi
Musobaqa starti oldidan milliy jamoamiz safida jiddiy yo‘qotish yuz berdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi tarixiy ishtirokini Kolumbiyaga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Vakillarimiz AQShning Atlanta shahrida rasmiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yakunlab, ilk o‘yin bo‘lib o‘tadigan Mexiko shahriga yo‘l olishga hozirlik ko‘rmoqda.
Biroq musobaqa starti oldidan milliy jamoamiz safida jiddiy yo‘qotish yuz berdi. Ma’lumki, jamoa yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov uzoq muddat o‘yin amaliyotisiz qolib ketgani sababli so‘nggi mashg‘ulotlarda to‘liq hajmda ishtirok eta olmayotgan edi. Terma jamoa tibbiy shtabi futbolchini qisqa muddatda safga qaytarish va tiklash maqsadida barcha zarur choralarni ko‘rib, uni individual dastur asosida shug‘ullantirdi.
O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar tahlili yakunida barcha hujjatlar FIFA tibbiy qo‘mitasiga taqdim etildi. Qo‘mita mavjud holatni batafsil o‘rganib chiqib, o‘zbekistonlik futbolchining jarohati sabab jahon chempionatida ishtirok eta olmasligini rasman ma’lum qildi. Shu munosabat bilan, Masharipovning o‘rniga yakuniy ro‘yxatga hujumchi Ruslanbek Jiyanov kiritildi.