Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda
Samarqand viloyatidagi mahallalarda millatlararo totuvlikni ta’minlash, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bugun Nurobod tumanidagi Oqsoy, Samarqand tumanidagi Mironqul va O‘rta Ohalik, Tojikiston bilan chegaradosh Bulung‘urning Xo‘jamazgil va Urgut tumanining Soyg‘o‘s, Mo‘minobod, Quyi Mo‘minobod, Chumchuqli, Terak mahallalarida davom etdi.
Viloyat va tumanlar hokimliklari mas’ullari, faollar joylarda tashkil etilgan tadbirlarda qatnashib, aholini tabrikladi. Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalari qayd etildi. Bugungi osoyishtalik va farovonligimiz xalqlarimizning birligi, hamjihatligi natijasi ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-22587]
– Uch kundan beri tumanimizning qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh 15 hududida do‘stlik va hamjihatliklikni, milliy qadriyat va an’nalarimizni targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkazilmoqda, – deydi Urgut tumani hokimi Botir Jabborov. – O‘zbek va tojik xalqi azaldan o‘zining tarixi, madaniyati va an’analari yaqinligi bilan ajralib turadi. Keyingi yillarda bu yaqinlikni ikki davlat o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalarning mustahkamlanib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, ikki mamlakat o‘rtasida chegaralarning ochiqligi, savdo-sotiq, mahsulotlar eksporti hajmining oshishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlar xalqlarimizni bir-biriga yanada jipslashtiradi va hamkorlik aloqalari rivojlanishiga xizmat qiladi.
– Mahallamizda 5485 nafar aholi yashaydi, – deydi Soyg‘o‘s mahallasi raisi Rafiq Abulfayzov. – Fuqarolarimizning 70 foizdan ziyodini tojik millati vakillari tashkil qiladi. Mahallamizning asosiy drayveri uzumchilik va savdo-sotiq bo‘lib, qo‘shni Tojikiston xalqi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Hatto xalqlarimizning yaqinligi qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan.
Tadbirlarda amaliy san’at va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, “Varraklar sayli”, milliy xalq o‘yinlari va sport musobaqalari tashkil etilib, aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari