Qonunbuzarlar bojxonada fosh etildi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan davlat chegarasi orqali tovar-moddiy boyliklar va valyuta mablag‘larini noqonuniy olib o‘tishga qaratilgan bir qator urinishlarga chek qo‘yildi.
Xususan, “Navoiy” chegara bojxona posti orqali mamlakatimizdan chiqib ketayotgan fuqarolarni bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida bolalardan foydalangan holda qonunbuzarlik sodir etishga urinish holatlari aniqlandi.

Jumladan, go‘dak farzandi bilan chegaradan o‘tayotgan ayolning harakatlari tekshirilganda, chaqaloq tagligi orasiga yashirilgan, umumiy og‘irligi qariyb 200 gramm bo‘lgan ikki dona tilla quyma borligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, uning shaxsiy buyumlari orasidan bojxona nazoratiga taqdim etilmagan 70 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlari ham aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yashirincha olib chiqishga urinilgan tilla buyumlarining umumiy qiymati 450 million so‘mni tashkil etgan.
Yana bir holatda esa qo‘shni davlat fuqarosi o‘zining 14 yoshli qizining kiyimlari ostiga 40 ming AQSH dollarini yashirib, mamlakat hududidan olib chiqishga uringan vaqtida bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan yuz million so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini bojxona qoidalariga rioya etilgan holda O‘zbekistondan olib chiqishga ruxsat etiladi. Ushbu tartib rezident va norezident jismoniy shaxslarga birdek tatbiq etiladi. Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxsni huquqbuzarlikka jalb etish ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi. Bunday holatda bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘ttiz baravarigacha jarima qo‘llanilishi mumkin.
Agar voyaga yetmagan shaxs jinoyat sodir etishga jalb qilinsa, aybdor shaxs besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
A.Musayev,O‘zA