Ichki bozor to‘kinligi: nega aynan parrandachilikka e’tibor qaratilyapti?
Aholi sonining o‘sishi, iqlim o‘zgarishi va global ta’minot zanjirlaridagi beqarorliklar oziq-ovqat xavfsizligini dunyoning deyarli barcha davlatlari uchun strategik masalaga aylantirdi.
Bunday sharoitda qisqa muddatda yuqori samaradorlikka erishish, aholini sifatli oqsil mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyati tufayli parrandachilik qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biriga aylanmoqda.
Mazkur yo‘nalish bugungi kunda faqat tuxum va parranda go‘shti bilan cheklanmaydi. Tarmoq yem-xashak ishlab chiqarish, veterinariya, logistika, qayta ishlash va savdo kabi ko‘plab tarmoqlarni o‘zaro bog‘lovchi iqtisodiy zanjir hisoblanadi.
Shu bois parrandachilikni rivojlantirish orqali oziq-ovqat ta’minotini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda Bu esa sohadagi eksport salohiyatini oshirishda ham samarali vositasi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 23-iyulda qabul qilingan "Parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ayni yo‘nalishda muhim vazifalarni belgilab berdi. Qarorda sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga hamda “tayyor biznes” loyihalari uchun yangi rasmiylashtiriladigan kredit shartnomalari bo‘yicha yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi.
Darhaqiqat, imtiyozli kreditlarning ajratilishi tadbirkorlarga yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini kengaytiradi. Bu esa mahsulot tannarxini pasaytirish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Ma’lumki, aholi soni va turizm oqimining o‘sishi mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda go‘shtga bo‘lgan yillik talab 2 million 150 ming tonnani tashkil etadi. Go‘sht mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 1 million 600 ming tonnaga teng. Bu mavjud talabni qoplash uchun chorvachilikning barcha tarmoqlarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Parrandachilik tarmog‘ining rivojlanishi esa qisqa ishlab chiqarish sikli va yuqori mahsuldorligi bilan go‘sht ta’minotini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi.
Joriy yil 5-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi. Bu esa mazkur yo‘nalish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini tasdiqlaydi.
– Bugungi kunda ichki bozorni go‘sht mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biridir, – dedi Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i Bahriddin Rahmonov. – Shu bois, parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Buning uchun parrandalar bosh sonini ko‘paytirish bilan birga, xorijga qaramlikni kamaytiruvchi mahalliy naslchilik va go‘sht-tuxum yo‘nalishidagi naslchilik-reproduktor xo‘jaliklarini tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Taqdimotda qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda parrandachilik sohasida umumiy qiymati 432 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular hisobiga 2028-yilgacha qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, omuxta yem ishlab chiqarish quvvatini 3,3 million tonnaga yetkazish hamda zamonaviy so‘yish tizimlari qamrovini 20 foizdan 50 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur chora-tadbirlarning tizimli amalga oshirilishi parrandachilikni yuqori samaradorlikka ega tarmoqqa aylantirish uchun muhim zamin yaratadi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida ishlab chiqarish hajmi ortib, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligi kuchayadi. Bu islohotlar esa aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA