Qonun targ‘ibotiga bag‘ishlandi
Jizzax shahridagi 29-sonli koloniyada O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 27 sentyabrdagi “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining raisi, prokuror, koloniya xodimlari hamda mahkumlar ishtirok etdi. Adolatni qaror toptirish maqsadida mamlakatimizda keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga doir keng ko‘lamli huquqiy tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda milliy qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida, huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijalariga ko‘ra sud ishlarini yuritish jarayoniga yangi institutlar joriy etilayotgani, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirilgani haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-14155]
– Sudlarda ishning hajmi keskin ortganligi ishlarni qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish imkoniyatining cheklanganiga sabab bo‘lib, bu fuqarolarning o‘rinli e’tirozlari ko‘payishiga asos bo‘lmoqda, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi raisi G‘iyosiddin Yalgashev. – Uzil-kesil qaror qabul qilishda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini uch bosqichli tizim vositasida tekshirishning imkoni qisman kamaygani sabab mazkur tizimni o‘rta bo‘g‘inning viloyat sudlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali takomillashtirish zarurligidan dalolat bermoqda. Endilikda sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilayotgani, taraflarning xohishiga ko‘ra, sud qarori ustidan o‘n kunlik muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat keltirilishi mumkin.
Ochiq muloqot yakunida 29-sonli manzil koloniyasida muddatini o‘tayotgan mahkum va mahkumalarning mavzuga oid savollariga batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA.