Qo‘mita raisi tadbirkorlarni tingladi
Samarqandda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan viloyat tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan bu yilgi an’anaviy ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etilgan tadbirda qo‘mita rahbariyati va viloyat hududiy boshqarmasi mas’ullari tadbirkorlarning murojaatlarini tingladi.
– Biz bu yerga sizlar bilan ochiq muloqot qilish, duch kelayotgan muammolaringizni o‘rganish va yechim topish maqsadida kelganmiz, – dedi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Halilillo To‘raxo‘jayev. – Bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishda tadbirkorlarning fikrlari muhim. Shu bilan birga davlatimiz rahbari bilan bo‘ladigan uchrashuvga tashabbuslarni qabul qilishni rejalashtirganmiz.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan kommunal xizmatlar, soliq sohasidagi o‘zgarishlar, infratuzilma bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaatlar bo‘ldi.
Jumladan, Samarqand temiryo‘l vokzali hududidan ijaraga yer olib, avtoturargoh tashkil etgan “Ulmasov avtoturargoh” MCHJ transport vositalarini saqlash xizmatlari uchun qo‘llanilayotgan tariflar yuzasidan e’tirozlar bo‘layotganini aytdi.
“Samarqand don mahsulotlari” MCHJ vakili birja savdolari orqali sotish belgilangan mahsulotlar grafik asosida birjaga qo‘yib borilayotgan bo‘lsa-da, sotilmasdan qolayotgani, mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat berilishi masalasini ko‘tardi.
Tadbirkor Sherali Saidov tashqi reklama konstruksiyalarida tadbirkorlar reklamasi joylashtirilmagan vaqtda va davlat idoralari tomonidan siyosiy barerlar joylashtirilgan vaqtdagi hisoblangan yig‘imlar va penyalarni bekor qilish to‘g‘risida taklif bildirdi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar umumlashtirilib, Respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish qaratilgan dasturlar ishlab chiqishda foydalanilishi aytildi. Muammolarga yechim topish choralari ko‘rildi.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri