Bugun – Avtomobilsiz kun!
Joriy yil 10-iyun kuni mamlakatimiz bo‘ylab navbatdagi “Avtomobilsiz kun” ekologik aksiyasi o‘tkazilmoqda. Mazkur tashabbus atmosfera havosi sifatini yaxshilash, zararli chiqindilar hajmini kamaytirish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirishga oid farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-maydan boshlab har oyning 10- va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari tashkil etilmoqda.
Belgilangan tartibga ko‘ra, aksiya kuni davlat tashkilotlari va idoralari xodimlarining xizmat avtotransportlaridan foydalanishi taqiqlanadi. Shu bilan birga, mazkur talablarga rioya etmaslik xizmat odobi qoidalarini buzish sifatida baholanishi mumkin.

Tashabbusning asosiy maqsadi avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar miqdorini qisqartirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng targ‘ib etishdan iborat.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, transport vositalari sonining ortishi shaharlarda havo ifloslanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois bunday aksiyalar nafaqat ekologik holatni yaxshilashga, balki fuqarolarni sog‘lom turmush tarziga chorlashga ham xizmat qiladi.
Bugungi aksiyada davlat idoralari, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, ekologik targ‘ibot tadbirlari, ommaviy sayrlar va jamoatchilik aksiyalari ham tashkil etilmoqda.
Mutasaddilar barcha fuqarolarni mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, imkoniyat darajasida shaxsiy avtomobildan voz kechib, jamoat transporti, velosiped yoki piyoda harakatlanishni tanlashga chaqirmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA