Qishki yuklamaga energetika quvvatlari tayyormi?
Energetika tizimining barqaror ishlashi, avvalo, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari va asosiy texnologik uskunalarning mavsumga qay darajada tayyor ekaniga bog‘liq. Ayniqsa, kuz-qish davrida elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talab ortishi tizimdagi har bir energoblok, qozon agregati va yordamchi uskunaning ishonchli ishlashini ta’minlashni taqozo etadi.
Shu sababli, 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida mamlakat energetika tizimi ob’ektlarida ta’mirlash, texnik ko‘rik va uskunalar ishonchliligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayonda nafaqat asosiy energetik qurilmalar, balki ularning yordamchi tizimlarida ham zarur ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshirilyapti. Ta’mirlash ishlari yakunlari bo‘yicha issiqlik elektr stansiyalarida qo‘shimcha 182 MVt elektr va 200 Gkal/soat issiqlik quvvatini tiklash ko‘zda tutilgan.
Poytaxtdagi issiqlik ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida Toshkent issiqlik markazida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Xususan, ayni paytda 1-son issiqlik markazining 4-qozon agregatida mukammal ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ozod Oxunovning ta’kidlashicha, uzluksiz ishlaydigan issiqlik energiyasi qurilmalarining texnik holatini yaxshilash, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish va iste’molchilarni barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlash ushbu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan hisoblanadi.
– Ayni paytda ta’mirlash ishlari belgilangan reja asosida jadal davom ettirilmoqda. Bu jarayonga malakali mutaxassislar, jumladan, “O‘zbekenergota’mir” AJ xodimlari ham jalb etilgan. Asosiy e’tibor, avvalo, energetik uskunalarning texnik holatini yaxshilash va ularning ishonchli ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
“Toshkent IES” AJning 9-energoblokida ham joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, turbogeneratorning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida generator stator chulg‘amini tiklash ishlari bajarilmoqda. Bu kabi ishlar energoblokning kuz-qish mavsumida uzluksiz ishlashini ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini oshirish va texnologik uskunalarning ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega, – dedi O.Oxunov.
“Toshkent IES”da kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik faqat ta’mirlash ishlari bilan cheklanib qolmayapti. Korxonada asosiy texnologik uskunalarning texnik holati, chang-gaz tozalash va filtrlash tizimlarining ishlashi ham nazoratdan o‘tkazilmoqda. Joriy yil avgust oyida o‘tkazilgan o‘rganishlarda stansiyaning 9 va 10-energobloklarida yangi filtrlash uskunalarini qurish jarayoni ham ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, “Angren IES” AJning 10-sonli energoblokida ham 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur ishlarni 25-sentabrga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Ayni paytda energoblokning asosiy va yordamchi uskunalarining texnik holatini yaxshilash, ularning ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
–Umuman, bugungi kunda energiya iste’moli hajmining ortib borayotgani energetika tizimi oldiga mavsumga yanada puxta tayyorgarlik ko‘rish vazifasini qo‘ymoqda. Joriy yilda mamlakatda elektr energiyasi iste’molining yuqori ko‘rsatkichlari qayd etildi. Xususan, 13-iyul kuni yozgi elektr energiyasi iste’moli 284 million kVt·soatga yetib, qishki maksimum ko‘rsatkichdan ham yuqori bo‘ldi.
Mazkur ko‘rsatkichlar energiyaga bo‘lgan talabning yildan-yilga oshib borayotganini, o‘z navbatida, ishlab chiqarish quvvatlarini mavsumiy yuklamaga tayyorlash muhimligini ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, energetika ob’ektlarida ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini sifatli tashkil etish nafaqat alohida korxona, balki butun energetika tizimining barqaror ishlashi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, – deya ta’kidladi O.Oxunov.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA