Qish qilig‘ini qilmay qo‘ymaydi
Surxondaryoda qishga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?
Surxondaryoda ajoyib odat bor: yoshi ulug‘lar bahorda bo‘lg‘usi yozning, kuzda qishning qanday kelishini gurunglarning bosh mavzuiga aylantiradi. Qishloqlarda bilgir cho‘pon-cho‘liqlarning aytganlari, sinoptiklarning ma’lumotlari muhokama qilinadi. Bu suhbatlarda ham o‘ziga xos ma’no bor: yoz me’yoridan ortiq issiq kelsa, chillaning tandirdek tafti g‘allayu, paxtaga, ayrim oziq-ovqat ekinlariga zarar yetkazadi. Dehqonlar kutilgan hosilni ololmaydi. Qish issiq kelsa, tog‘larga qor tushmaydi. Ekin maydonlaridagi zararli qurt-qumursqalar nobud bo‘lmaydi. Qish faslining izg‘irinli kelishi sovuq kunlarga hozirdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilmasa, uy-joylarni, ijtimoiy soha binolarini isitish va energetika sohasida muammolarni yuzaga keltiradi.
Viloyatda kuz kutilganidan iliq kelayotgan shu kunlarda Oltinsoy tumanidagi tog‘li qishloqlardan birida yoshi ulug‘ insonlar davrasida bo‘lib qoldik. Hovlidagi supada o‘tiribmiz. Quyoshning iliq tafti egningizni qizdiradi. Daraxtlar bargi sarg‘aya boshlagan. Bir necha chaqirim narida Keraga tog‘ savlat to‘kib turibdi. Cho‘qqilarga nazar solsangiz, uzoqdan giyohsiz cho‘ldek ko‘zga tashlanadi. Unsiz mudrayotgandek tuyuladi.

Goho tog‘dan, goh bog‘dan gurung qiziyotganida davradagi otaxonlardan biri qaqrab turgan baland cho‘qqilarga o‘ychan nigoh tashlab, mavzuni ob-havoga burib yubordi. Iqlim o‘zgarib ketayotgani, kuzning so‘nggi oylarida tog‘ cho‘qqilariga tushadigan oppoq qordan hanuz darak yo‘qligidan achingandek bo‘ldi. Boshqa biri esa qishning o‘tgan yildan ham iliqroq kelishi kutilayotgani haqida so‘z yuritdi. Yana biri zamonaviy sinoptiklarning ma’lumotiga tayanib, qishning so‘nggi oylari, boshqa bir otaxon keksa bilgichlar qishning ikkinchi yarmi sovuq kelishini aytgani to‘g‘risida eshitganlarini hikoya qilib berdi.
Otaxonlarning gurungini tinglayotib, osmono‘par toqqa ko‘z tashlayman. Bolalik, yoshlik yillarimni eslayman. Kuzda tog‘ cho‘qqilari oppoq qor bilan qoplanib qolgan, betizgin shamol qor sovug‘ini qishloqlarga yetaklab kelgan davrlar ko‘z oldimda qayta gavdalanadi. Odamlar qish uchun kuzning boshlaridan dov-daraxtlarni, tog‘dagi archalarni kesib, o‘tin tayyorlagan yillar, qishli-qirovli kunlarda maktabning qo‘lbola pechlarida isitilgan sinfxonalarda buriqsigan tutinlar yodimga tushadi. Mavzu davom etishi uchun o‘rtaga ikki og‘iz gap tashlab qo‘yaman.

– Bolalagimizda tog‘lar yam-yashil bo‘lardi, – deyman davradosh oqsoqollarga. – Esimni tanigan yillarda tog‘dagi daraxtlar beayov qishga g‘amlanganini yaxshi eslayman. Endi o‘sha beshafqatlikning jabrini tortmayapmizmi? Qarangizlar, tog‘ cho‘ldek qaqrab yotibdi. Yoshligimizda archalar bilan qoplanib, kuzda yam-yashil, qishda oppoq qorga burkanib turar edi.
– Hozir Shamsiya yil hisobida sakkizinchi oy, – deydi yoshi ulug‘ keksalardan biri oppoq soqolini sokin silab. – Bu oy aqrab, deb ataladi. O‘tgan zamonlarda shu oyda sovuq tushib qolar edi. Ota-bobolarimiz oy boshlansa “Aqrab keldi aqirib, sovuqlarni chaqirib” deyishardi. U davrda har kim o‘zicha qish g‘amini ko‘rardi. Bugungidek qishga ko‘mir keltirib berishmasdi. Maishiy gaz ballon tarqatishmasdi. Endichi? Daraxtlarni kesishga ehtiyoj qolmadi. Istaganingizcha ko‘mir bor. Qishin-yozin har oyda suyultirilgan gaz keltirib berishadi. Uylar ham har bir xona bitta pech bilan emas, zamonaviy usulda qizdiriladi. Endi yoqilg‘i boru, avvalgidek aqrabda izg‘irinli sovuqdan darak yo‘q. Qishda ham bamaylixotir yashashga qulay sharoit boru, atrofni tizza bo‘yi oqartiradigan qor yo‘q.

– Ajdodlarimiz bejiz “qish qishligini qilmasa, yoz yozligini qilmas”, demagan, – deydi sakson yoshlarni qoralab qolgan otaxon. – O‘tgan yil ham aqrab shunday kelgan edi. Xotirjam bo‘lingizlar. Rizqi butun elmiz. Ha, demay qishloqqa yana qor tushadi. Sovuq ham bo‘ladi. Ko‘mirni g‘amlab qo‘yaveringizlar. Tabiatning o‘zgarishi ham odamzot uchun bir sinov-da!
– Endi bu iqlimning to‘nini teskari kiyishiga tevarak-atrofdagi dov-daraxtlarning, tog‘lardagi archalarning kesilib ketishi ham sabab bo‘lgandir, – deya gurungni davom ettiradi soch-soqollariga oq oralagan otaxon. – Iqlim o‘zgarishining boshqa biz bilgan, bilmagan sabablari bo‘lsa keragov. Masalan, paxta, deb suvni isrof qildik. Texnikalar haddan ziyod ko‘payib, atrofga zararli gaz tarqatmoqda. Iqlim o‘zgarishiga buyam ta’sir etsa kerak, deb o‘ylayman. Yana ham bilmadim. Hoji bobo siz aytayotgan sharoitlar mustaqillik sharofati bilan bino bo‘lmoqda. Ehheye, eslaysizmi, avvalgi zamonning qahraton qishlarida qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganmiz. Bolalarimiz izg‘irinda maktabdan shamollab kelar, uylarimizni ham bir ahvolda isitib o‘tirardik. Qishloqqa ko‘mir, gaz kelib, sandalni unutib yubordik.

Qishloq oqsoqollari ko‘p masalalarda haq edi. O‘tgan zamonda qish fasli uchun, ayniqsa, qishloqlarda sharoit deyarli yo‘q, ijtimoiy soha ob’ektlarini mavsumga tayyorlash ham e’tibordan chetda edi. Endilikda vaziyat tubdan o‘zgardi. Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi ob’ektlari, ko‘p kvartirali uy-joylarni kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, aholiga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yoshi ulug‘ insonlar iqlim o‘zgarishlarini qayg‘urayotgan, ob-havoning injiq bo‘lib qolayotganidan ajablanayotgan bo‘lsa-da, mamlakatimizda qishli-qirovli kunlarga ko‘rilayotgan tayyorgarliklarga shukrona aytib, ko‘ngli to‘q yashamoqda.
Surxondaryo viloyati hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha vohadagi iqtisodiy-ijtimoiy sohani kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayonida 200 ga yaqin ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘lagi, yerto‘la va ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari to‘liq tekshirilib, qishli-qirovli kunlarga hozirlandi. Elektr taqsimlovchi qutilar, kodli qulfli temir eshiklar o‘rnatildi. Shuningdek, ko‘p xonadonli uylarning tom qismlari ta’mirlanib, mavsumga tayyorlandi. Issiqlik ta’minoti tizimlarida beshta qozon va 1,3 kilometr issiqlik tarmoqlari ta’mirlandi. Ichimlik suv tarmoqlarining 9,7 kilometr qismi mukammal ta’mirlanib, qo‘shimcha nasos o‘rnatildi.

Iqtisodiy-ijtimoiy soha ob’ektlari va aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ham ko‘rilmoqda.
Viloyatda 156 kilometr yuqori bosimli, 1 ming 126 kilometr o‘rta bosim va 1 ming 52 kilometr past bosimli tabiiy gaz tarmog‘i, 88 ta yuqori bosim va 1 ming 61 ta o‘rta bosimdagi gaz taqsimlash shoxobchasi mavjud. Tabiiy gaz tarmoqlari 145 ming iste’molchiga xizmat ko‘rsatadi. Mavsumni betalafot o‘tkazish uchun qariyb 30 kilometr gaz quvuri, 42 ta gaz taqsimlash shoxobchasi ta’mirlandi. 1 ming 304 ta gaz punktida tekshiruv ishlari amalga oshirilib, 45 ta avariya tiklash guruhi tashkil etildi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalarida qishning sovuq kunlari uchun zarur sharoit yaratildi. Qish qishligini qilgan kunlari avvalgidek o‘quvchilar sinflarda jo‘njikib o‘tirmaydi. Bemorlar shifoxonalarga uyidan issiq yopinchiq tashimaydi. Jumladan, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli 1 ming 495 ta ta’lim muassasasining 66 tasi tabiiy gaz bilan isitiladi. Qolganlari ko‘mirga moslashtirilgan. Hozirgacha ta’lim muassasalari uchun 28 ming 883 tonna ko‘mir yoqilg‘isi jamg‘arilgan. 459 ta maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti davlat-xususiy sheriklik asosida isitish tizimiga ulangan.
Bo‘lg‘usi qish faslida viloyatdagi ijtimoiy sohalar, davlat-xususiy sheriklik asosidagi ob’ektlar va aholini ko‘mir yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash uchun 65 ming tonnadan ortiq ko‘mir ajratilgan. Ayni paytda viloyatning barcha tumanlarida qattiq yoqilg‘i aholiga qulay narxlarda sotilmoqda.

Viloyatda yoshu keksaning qishli-qirovli faslda xotirjam yashashi, o‘qishi va mehnat qilishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Lekin, bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Tarmoqlar ishchi-xizmatchilarining betinim mehnati va katta mablag‘ evaziga amalga oshirilmoqda. Jumladan, iqtisodiy-ijtimoiy soha ob’ektlarini qishga tayyorlash, yoqilg‘i jamg‘arish uchun 77,7 milliard so‘m mablag‘ sarflanmoqda. Bu sarmoyaning 33,3 milliard so‘mi mahalliy byudjet va qo‘shimcha manbalar, 31,5 milliard so‘mi tashkilotlar va aholi mablag‘lari, 12,9 milliard so‘mi Energetika vazirligi tizimi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.
Yurtimiz obodligi, elimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan bu yumushlarning katta mehnat va mablag‘ evaziga bajarilayotganini tog‘ etagidagi olis qishloq odamlari ham chuqur anglayotganini his etdik. Gurungimiz uzoq davom etdi. Birov shu yil kuz boshida Boysundagi, boshqa biri Oltinsoydagi ko‘mir omborida odamlar qattiq yoqilg‘i uchun to‘palang qilganini eslashdi. Bu holatni keksalardan biri yaratilayotgan sharoitlarga shukrona keltirish o‘rniga “to‘qlikka sho‘xlik”, deya ta’rifladi. Boshqalar ham oqsoqolning gapini ma’qulladi. Davraning to‘rida o‘tirgan oqsoqoldan ketishga izn so‘radik.

– Qish qilig‘ini qilmay qo‘ymaydi, – deya bizga yuzlandi oqsoqol. – Termizda izg‘irin shamol bo‘lsa hali ham svet o‘chib qoladimi? Bundan o‘n yilcha avval qishda mehmonga borganimizda kalish ko‘milib qor yog‘ib, shamol bo‘ldi, desangiz. Shomdan so‘ng ko‘p qavatli uyning chirog‘i o‘chib, ertalabgacha yonmasa bo‘ladimi. Yana deng, shaharning markazida. Nomini yubileyniy, deyishganmidey. Shamol juda kuchli ham bo‘lgani yo‘q. Biroq, sovug‘i qattiq ekan. O‘shanda mezbon ham rosa hijolat chekkan edi.
– Otaxon, u davrlar ortda qoldi, – deyman savolga qisqaroq javob berish uchun. – Har yili milliard-milliard so‘m sarflab, ta’mirlagandan keyin chiroq o‘chadimi? Ko‘ngillaringiz xushlagan payt mehmonga boringizlar, kutamiz. Kuz ham sezdirmay soviy boshlayapti. Qorli-qirovli kunlar yaqinga o‘xshaydi. Qishda issiqqina uydagi tungi suhbatning gashti boshqacha bo‘ladi. Gurungni Termizda davom ettiramiz...
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri