Qashqadaryoning sirli toshlari: “Beshiktosh” va “Teshiktosh”
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Langar qishlog‘i atrofida joylashgan “Beshiktosh” va “Teshiktosh” haqida avval ham eshitganmiz, bu manzillar haqida ko‘plab rivoyatlar qulog‘imizga chalingan. Ammo bu galgi sayohat oddiy sayohat bo‘lmadi. Tabiat, tarix va xalqona e’tiqod qorishgan bu maskan insonni o‘yga toldiradi, qalbda esa unutilmas taassurot qoldiradi.
Langar qishlog‘iga eltuvchi yo‘l uzoq va mashaqqatli. Biroq tog‘lar bag‘ridagi so‘lim manzaralar, shifobaxsh buloqlar, qadim tarix nafasi ufurib turgan ziyoratgohlar har qanday charchoqni unuttiradi. Ayniqsa, bahor faslida bu hudud go‘yo tabiatning o‘z qo‘li bilan chizilgan musavviriga aylanadi.
Qalqama hududiga kirib kelar ekanmiz, seryog‘in bahor adirlarni yashil baxmalga burkagan, qir-adirlar esa lolaqizg‘aldoqlar bilan bezangan edi. Cho‘l bag‘rida o‘tlayotgan qo‘y-qo‘zilar, musaffo osmonda vazmin parvoz qilayotgan lochinlar, tog‘lar orasidan esgan mayin shabada inson ruhiyatiga alohida orom bag‘ishlaydi. Shunday pallada tabiat qo‘ynida inson o‘zini hayot tashvishlaridan yiroqda his qiladi.
Qalqama bozoridan o‘tgach, Langar qishlog‘i boshlanadi. Bu yerdan keyin yo‘l yanada qiziqarli tus oladi. Manzilga avtomobilda emas, yayov yo‘l olinadi. Yelkaga yuk ortib, tor so‘qmoqlar bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilar ekansiz, tog‘ havosi vujudingizni tetiklashtiradi.
Yo‘l-yo‘lakay mashhur Boshmon bulog‘idan suv ichish esa sayohatning o‘ziga xos udumlaridan biri. Mahalliy aholiga ko‘ra, bu suv insonga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Rostdan ham, muzdek va tiniq buloq suvi charchoqni aritib, yo‘lni yengillashtirgandek bo‘ladi.
Tog‘ bag‘rida bahor endigina o‘z hukmini o‘tkazayotgan palla. Mevali daraxtlar guldan chiqqan, do‘lanalar oppoq libosga burkangan. Kiyik o‘tning o‘tkir hidi atrofga taralib, tabiatga yanada sirli tus beradi.
So‘qmoqlar bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilar ekanmiz, hamrohimiz, shu qishloqlik Akbar Rahmonov “Teshiktosh” haqidagi xalqona rivoyatlarni so‘zlab berdi.
– Bu toshni “Haqiqat toshi” ham deyishadi. Aytishlaricha, gunohi og‘ir odam undan o‘ta olmas emish. Qisilib qolganlarni ham ko‘rganmiz, – deydi u kulumsirab.
Nihoyat bir soatcha yo‘l bosib, mashhur manzilga yetib keldik. Ustma-ust qo‘yilgan ulkan xarsanglar orasida tabiatning o‘zi yaratgan mo‘’jiza yashiringan. Atrofda mahalliy sayyohlar gavjum. Kimdir “Teshiktosh”dan o‘tishga urinsa, yana kimdir “Beshiktosh”ni silkitish bilan ovora.
“Teshiktosh” – katta xarsang ostida hosil bo‘lgan tor tuynuk. Undan o‘tish uchun inson emaklab harakatlanadi. Bu shunchaki jismoniy sinov emas, balki iroda va jasoratni ham talab qiladi. Taktikani to‘g‘ri tanlasangiz, o‘tish mumkin. Aks holda tosh orasida tiqilib qolish hech gap emas.
Mahalliy oqsoqollar aytishicha, bu joy tarixi Sulton Vois bobo nomi bilan bog‘liq. Rivoyatlarga ko‘ra, u kishi “hu haq” deb zikr qilar ekan, tog‘lar aks-sado bergan. Keyinchalik tosh “Xukak”, ya’ni “Haqiqat toshi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
Asrlar davomida xalq orasida shunday tasavvur shakllanganki, go‘yo bu tuynukdan o‘tgan inson gunohlaridan forig‘ bo‘ladi. Balki bu qadimiy marosimlar va xalq tasavvurining bir ko‘rinishidir. Ammo bir haqiqat aniq bu yerga kelgan har bir inson beixtiyor o‘zini sinovdan o‘tkazgisi keladi.
Biz ham “Haqiqat toshi”dan o‘tishga qaror qildik. Ilk urinish muvaffaqiyatsiz tugadi. Qalin kiyimlar xalaqit berdi shekilli. Keyingi harakatda esa amallab o‘tishga muvaffaq bo‘ldik. Rostini aytganda, bu oson kechmadi. Ayniqsa, gavdaliroq odamlar uchun bu ancha mushkul sinov ekan.
Shundan so‘ng teparoqda joylashgan mashhur “Beshiktosh” tomon yo‘l oldik.
Taxminan 30 tonnadan ziyod og‘irlikka ega bu bahaybat xarsangni bir kishi yengilgina silkita oladi. Tosh gup-gup ovoz chiqarib, asta tebranadi. Bu holatni birinchi marta ko‘rgan odam hayratdan yoqa ushlaydi.
[gallery-29394]
Tosh ustiga chiqib yonboshlasangiz, butun tog‘u toshlar, keng vodiylar kaftdek namoyon bo‘ladi. Tebranayotgan tosh esa go‘yo ona beshigidek mayin harakat qiladi. Balki “Beshiktosh” nomi ham shundan qolgandir.
Qashqadaryoning bu sirli manzillari nafaqat tabiat mo‘’jizasi, balki xalq xotirasi, rivoyat va e’tiqodlar bilan uyg‘unlashgan noyob merosdir. Bu yerga kelgan odam faqat sayohat qilib qaytmaydi u qalbida bir parcha xotira, bir bo‘lak hayrat va tabiatga bo‘lgan mehrni olib qaytadi.
Bejizga “Ming eshitgandan bir ko‘rgan afzal”, deyishmaydi. Yo‘lingiz Qashqadaryo tomonlarga tushsa, albatta “Beshiktosh” va “Teshiktosh”ni ziyorat qiling. Bu sayohat xotirangizda uzoq saqlanishi aniq.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari