Shoir va jurnalist 60 yoshini Surxonda nishonlamoqda
Termiz shahridagi San’at saroyida shoir va publitsist, Respublika “Hurriyat” mustaqil gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulning oltmish yilligi munosabati bilan ijodiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz poytaxti va Surxondaryo viloyati yozuvchi, shoirlari, she’riyat muxlislari, keng jamoatchilik vakillari va talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mamlakatimizda keyingi yillarda adabiyot, ma’naviyat va ma’rifatga yuksak e’tibor qaratilayotgani haqida atroflicha so‘z yuritdi. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz ma’naviy hayotida o‘z ifodasini topayotganini qayd etdi. Abdurasul Jumaqulni qutlug‘ 60 yosh bilan tabriklab, viloyat hokimligining sovg‘alarini topshirdi.


O‘tmishdan buyuk mutafakkir olimlar, yozuvchi va shoirlarga beshik bo‘lgan Surxon vohasida adabiyot va san’atga o‘zgacha qiziqish bor. Bu yurtda yashaydigan insonlar bolalikdan she’r yozishga, g‘azal va dostonlarni shirali ovozda kuylashga oshiqib ulg‘ayadi. Kamolga yetgach she’riyat va san’atga qalb qo‘ri bilan mehr qo‘ygan iste’dodlargina adabiyot yoki san’at maydonida o‘ziga xos ovoz bilan ko‘rinish beradi. Taniqli shoir bo‘lishga ko‘zi yetmaganlarining aksariyati jurnalistikani, san’atda o‘z yo‘lini topishga ikkilanganlari soha mutaxassisligini tanlaydi.

Bolalikda Qiziriq tumanida qalam tebratib, she’r yozgan Abdurasul Jumaqulov ham voyaga yetgach, jurnalistikada o‘z iste’dodini sinab ko‘rdi. Viloyat “Surxon tongi” gazetasida ishladi. “Xalq yo‘li” gazetasini tashkil etib, bosh muharrir bo‘ldi. Respublika nashrlarining viloyatdagi muxbiri sifatida mehnat qildi. Biroq, she’riyatni ham tashlab qo‘ymadi. Ijod namunalarini gazetalarda chop ettirib, muxlislar qalbidan joy ola boshladi.
Ko‘p yillardan buyon poytaxtda yashab, ijod qilayotgan shoir va jurnalist “Hurriyat” gazetasiga bosh muharrir etib tayinlangach, mustaqil nashr teran maqolalar, tanqidiy-tahliliy materiallar bilan boyidi. Gazetxonlarning erkin fikr yuritish minbariga aylandi. Shoir va jurnalist sohadagi samarali mehnatlari uchun “Shuhrat” medali va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

Ijodiy anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov va boshqalar shu xususida fikr yuritib, Abdurasul Jumaqulni 60 yosh bilan qutladi. Uning yetuk shoir, qalami o‘tkir jurnalist va publitsist ekanini alohida e’tirof etdi. Esdalik sovg‘alari topshirildi. She’rlar o‘qildi. Kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Oltmish yosh bilan yuzlashgan shoir va jurnalistning beg‘ubor bolalik, o‘spirinlik, talabalik yillari va keyingi hayotini aks ettirgan videorolik namoyish etildi.

Anjuman doirasida shoirning “Kunduzgi chiroq” va “Faqat sen” nomli kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Surxondaryoliklarning adabiyot bayramiga aylangan ijodiy anjuman ertaga Abdurasul Jumaqul kamolga yetgan Qiziriq tumanida davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri