Qashqadaryoda ehtiyojmand oilalarga foizsiz kreditlar ajratilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi joriy etildi.
Unga ko‘ra, “Ijtimoiy reyestr”ning davlat ta’minotidagi oilalar toifasiga kiritilgan fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun foizsiz kreditlar ajratish belgilangan.
Mazkur tartib asosida Qashqadaryo viloyatida davlat ta’minotidagi 959 ta ehtiyojmand oilaga foizsiz kreditlar ajratildi.

Bu mablag‘lar hisobidan ko‘plab fuqarolar o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlab, qo‘shimcha daromad manbai yaratishga erishmoqda. Ilgari asosan nogironlik yoki bolalar nafaqasi hisobiga kun kechirgan ayrim oilalar bugungi kunda o‘z mehnati orqali barqaror daromad topmoqda.

G‘uzor tumanida yashovchi 25 yoshli Jo‘rabek Azimov ana shunday fuqarolardan biri. Uning oilasida to‘rt nafar a’zoga nogironlik belgilangan. Jo‘rabek avvaldan ustachilik hunarini egallab kelgan bo‘lsa-da, mustaqil faoliyat boshlash uchun zarur mablaqqa ega emas edi.
Davlat tomonidan ajratilgan foizsiz kredit hisobidan u kerakli asbob-uskunalarni xarid qildi va o‘z ustaxonasini tashkil etdi. Ayni paytda buyurtmalar asosida turli mahsulotlar tayyorlab, oilasi daromadiga munosib hissa qo‘shmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri