Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Nurota tumanida Navoiy viloyati sudlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Majburiy ijro byurosining Nurota tuman bo‘limi ish yurituvidagi aliment qarzdorligini undirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Jarayon davomida jami 8 nafar qarzdorga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ularning javobgarligi sud tartibida ko‘rib chiqildi. Sud majlisida 4 nafar qarzdorga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Yana 4 nafar qarzdorga nisbatan esa ma’muriy ish materiallari tugatildi.
Majburiy ijro byurosi tomonidan aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida undirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
***
Konimex tumani Birlik mahallasida joylashgan 4-sonli Musiqa va san’at maktabida ish izlayotgan fuqarolar va yoshlar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Tuman hokimligi hamda tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar, shuningdek, probatsiya nazoratida bo‘lgan ishsiz fuqarolar ishtirok etdi.
Yarmarkada tumandagi 21 ta korxona va tashkilot 72 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Shuningdek, 5 ta tadbirkorlik sub’ekti o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar hamda amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalarni taqdim etdi.
Tadbir davomida 10 nafar ishsiz fuqaroga doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berilib, 6 nafari ishga joylashtirildi. 5 nafar fuqaroga kasb-hunarga o‘qitish uchun vaucherlar berildi.
Shuningdek, 5 nafar fuqaroga o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
***
Karmana tumani Madaniyat markazida tuman “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi tashkil etildi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid qarorlari ijrosini ta’minlash, ma’naviy ko‘makka muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni Vatanga sadoqat, ezgulik va mehr-oqibat ruhida tarbiyalash, shuningdek, nuroniylarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish maqsadida o‘tkazildi.
Tanlovda tumandagi 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan faol nuroniylar o‘zaro bellashdi. Ular tomonidan yoshlar tarbiyasi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ajrim yoqasidagi yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Gulanday Islyamova (Mirsaid Bahrom mahallasi), 2-o‘ringa Mukarram Temirova (Xo‘ja Xisrav mahallasi) va 3-o‘ringa Ibodullo Boboqulov (Paxtaobod mahallasi) loyiq deb topildi.
Tadbir yakunida g‘oliblar hamda faol ishtirokchilar “Nuroniy” jamg‘armasining pul mukofotlari, tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri