Qarz qoplanmaganligi sababli bino bank balansiga o‘tkazildi
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan, Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining 2026-yil 20-aprel kungi ijro hujjatiga asosan qarzdor “N.B.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan aksiyadorlik-tijorat “O‘zbekiston sanoat - qurilish banki” (SQB) foydasiga 523 million so‘m undirish belgilangan.
– Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan qarzdorga hujjat ijrosini ta’minlash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan va kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan, Xo‘jayli tumani “Bog‘bonli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan aholiga xizmat ko‘rsatish markazi tegishli tartibda xatlandi, – deydi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi inspektori Shamshet Imalatdinov. – Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, xatlangan mulk elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarildi.
Joriy yilning avgust va sentabr oylarida o‘tkazilgan auksion savdolarida sotuvga chiqarilgan ko‘chmas mulkka xaridor topilmagan va shu sababli ushbu mulk qarzdorlik evaziga aksiyadorlik-tijorat “O‘zbekiston sanoat-qurilish banki” (SQB) balansiga o‘tkazib berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri