Quvasoyda eksportbop keramogranit ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Bunyodkor” MFY hududida joylashgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida “Crown Ceramic” O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2025-yil avgust oyida ish boshlagan mazkur loyihaga 70 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirildi. Uning 30 million dollari mahalliy tadbirkor mablag‘lari, 40 million dollari esa Xitoy investitsiyasi hisobiga to‘g‘ri keladi.
Korxonada mahalliy xomashyo qayta ishlanib, zamonaviy qurilish ob’ektlari uchun zarur keramogranit plitalar ishlab chiqarilmoqda. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 8 million kvadrat metr mahsulotni tashkil etadi.
[gallery-31385]
Loyiha doirasida 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonaning yillik eksport hajmi 30 million AQSH dollariga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
— Xitoylik hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu ishlab chiqarish korxonasida katta o‘lchamdagi va yuqori sifatli keramogranit plitalar tayyorlanmoqda, - deydi qo‘shma korxona direktori, “Shuhrat” medali sohibi Bobur Sultonaliyev. — Quvasoy soylari va qir-adirlaridagi toshlar qayta ishlanib, zarur qo‘shilmalar bilan boyitiladi. To‘liq avtomatlashtirilgan liniya orqali tayyor mahsulot olinadi. Loyihaning dastlabki bosqichida 400 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarildi.
Qurilish sohasida talab yuqori bo‘lgan keramogranit plitalarning katta qismi ilgari xorijdan import qilingan. Yangi korxonaning ishga tushirilishi esa ushbu mahsulotlarni mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarish va eksport qilish imkonini kengaytirmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA