Qardoshlik va insoniy birdamlikning amaliy ifodasi (+video)
O‘zbekiston mahallasi. Bu yurtimizda emas, balki Turkiya Respublikasi Hatay viloyatining Arsuz tumanida yangidan barpo qilingan maskan...
Ma’lumki, 2023-yil fevral oyida Turkiyada yuz bergan, mamlakat tarixidagi eng og‘ir tabiiy ofatlardan biri sifatida qayd etilgan vayronkor zilzila Turkiyaning bir qator hududlarida katta talafotlarni yuzaga keltirdi, minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Yuz minglab oilalar uy-joyidan, yaqinlaridan ayrildi. Qaynoq hayot, go‘zal turmush davom etayotgan hududlar vayronalar ostida qoldi. Jumladan, Hatay viloyati eng ko‘p talafot ko‘rgan hududlardan biri bo‘ldi.

Do‘stlar boshga kulfat tushganda, og‘ir kunlarda bilinadi. Ana shunday sinovli, mushkul damlarda O‘zbekiston qardosh turk xalqiga birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zdi. Qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududlarga yetib bordi. Qutqaruvchilarimiz tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarildi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarildi. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi.
Bu yordam vaqtinchalik emas, balki keng ko‘lamda davom etdi. O‘zbekiston tomonidan qisqa muddatlarda Hatay viloyatining Arsuz tumanida, O‘rta yer dengizi sohilida barcha infratuzilmaga ega bo‘lgan zamonaviy turar joy majmuasi barpo etildi. Ushbu maskanga O‘zbekiston mahallasi nomi berildi. 111,5 gektar maydonni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston mahallasida jami 3000 ga yaqin xonadondan iborat uy-joylar qurilgan bo‘lib, shundan 300 dan ziyod xonadonli 24 ta ko‘p qavatli uy aynan O‘zbekiston tomonidan barpo qilingan.

Shuningdek, hududda 2 ming 212 metrli Shavkat Mirziyoyev bulvari, Toshkent ko‘chasi, Samarqand ko‘chasi, 500 o‘rinli Buxoro jome masjidi, O‘zbekiston Respublikasi do‘stlik bog‘i, mahalla oshxonasi, bolalar uchun o‘yingoh va maydonchalar o‘rin olgan. Mahalla ko‘chalari va masjidga tarixiy shaharlarimizning nomi berilgani ikki xalqning tarixiy ildizlari birligi, mushtarak qadriyatlari va madaniyati, qardosh va hamjihatligi, birdamligining ifodasidir.
Davlatimiz rahbarining shu yil yanvar oyida Anqara shahriga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari ushbu “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ramziy ochilish marosimida ishtirok etgan edi.

Joriy yil 13-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Hatay viloyatiga tashrif buyurib, O‘zbekiston mahallasining tantanali ochilishida ishtirok etdi.
Bayramona tadbirda Qonunchilik palatasi Spikeri hamda Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush, O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchisi Ilhom Haydarov, Xorazm va Hatay viloyati hokimlari va boshqalar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining siyosiy irodasi bilan ikki tomonlama munosabatlar yanada kengayib, faollashib borayotganini alohida qayd etdi. Qardosh vakillarimiz Yangi O‘zbekiston islohotlarini, yurtimizning islom madaniyati va rivojidagi o‘rnini, buyuk ajdodlarimizning ulkan merosini alohida e’tirof etib, bugun Uchinchi Renessans sari tashlangan qadamlarimizga muvaffaqiyat tiladi.

Hatayda qad rostlagan O‘zbekiston mahallasi va Shavkat Mirziyoyev bulvari ikki xalqning o‘zaro ishonchi, hamjihatligi va do‘stu birodarligining ramzi. Bugun bu hududda yangi hayot, yangi orzu-umidlar, yangicha intilishlar va yangi avlod bo‘y ko‘rsatmoqda. Bolalarning sho‘x-shodon kulgisi, insonlarning quvonchi, ibodatga chorlayotgan masjid hayotga qaytgan makonning go‘zal manzarasidir.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mahalla hududidagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Aholi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan suhbatlashdi.

Shu yil Navro‘z bayramida bir guruh xatayliklar Prezidentimizning taklifi va tashabbusiga binoan O‘zbekistonga tashrif buyurishgan edi. Mehmonlar Samarqand, Buxoro, Andijon kabi shaharlarimizda bo‘lib, bayram tantanalarida ishtirok etishgan. Ular orasida Jamila Ulus xonim ham bor edi.
O‘zbekiston mahallasida istiqomat qilayotgan Jamila xonim o‘zbek xalqining mehmondo‘stligini e’tirof etar ekan, bizni ham yangi xonadoniga, bir finjon turk qahvasiga taklif qildi. Opa bilan suhbatlashar ekanmiz, O‘zbekiston rahbariyatidan, qardosh o‘zbek xalqidan minnatdorligini qayta-qayta mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

Darhaqiqat, Hatayda barpo etilgan O‘zbekiston mahallasi ikki xalqning og‘ir kunlardagi o‘zaro mehr-oqibati, qardoshligi, do‘stligi, siyosiy ishonchi va chuqur strategik yaqinligining ramziga aylandi. O‘zbekiston bilan bog‘liq nomlar muhrlangan ushbu geografik manzil kelgusi avlodlar qalbida ham o‘zaro birdamlikni qaror toptirishga zamin bo‘ladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vmx4w5Ol_E0" title="Qardoshlik va insoniy birdamlikning amaliy ifodasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Shavkat Tohirov (surat va video), O‘zA muxbirlari