Asosiy e’tibor muammolarni hal etishga qaratilmoqda
Bugungi kunda odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarga tezkor yechim topish, ular bilan muloqot o‘rnatish, mavjud kamchilik va muammolarni batafsil tahlil etish masalasiga ustuvor vazifa sifatida ahamiyat qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova bir guruh xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida har bir murojaatchi bilan alohida suhbatlashildi. Ularni qiynayotgan masalalar, muammolarning kelib chiqish sabablari, shu vaqtga qadar ko‘rilgan choralar va fuqarolar kutayotgan amaliy yechimlar batafsil tinglandi.

Murojaatlar hayotning turli jabhalariga oid bo‘ldi. Uy-joy va ijtimoiy yordam, bandlik va ishga joylashish, oilaviy munosabatlar va huquqiy himoya, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalanish, sog‘liqni saqlash va farzandlar ta’limi, aliment va bolalar nafaqasi kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.
Ayniqsa, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan, sog‘lig‘i yoki uy-joy bilan bog‘liq murakkab vaziyatga duch kelgan xotin-qizlarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yosh xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ta’lim olishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish yuzasidan taklif va murojaatlar tinglandi.
Har bir murojaat ortida yechim kutayotgan hayotiy masala bor. Uni eshitish esa manzilli yechimga olib boradigan birinchi qadam.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xotin-qizlar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularning muammolarini joyida eshitish va amaliy yechim topishga qaratilgan ishlarni davom ettirayotgani e’tiborga molik.
N.Usmonova,
O‘zA