Qalam va ijod sehri
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Isroil Xolboyev portretiga chizgilar
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga sazovor bo‘lgan Isroil Xolboyev Navoiy viloyati bo‘yicha yagona ustoz ijodkordir. Hayotining qariyb yarim asrini matbuotga bag‘ishlagan bu insonni nafaqat viloyatda, balki Respubldikamizda tanimagan-bilmagan insonning o‘zi yo‘q. Kasbining ortidan bepoyon Qizilqum cho‘lini, har bir qishlog‘u ovullarni, sanoat korxonalarini kezib, ular haqida turkum publitsistik maqolalar, esse va ocherklar, kerak paytdi luqma va feletonlar tayyorlagan zabardast jurnalist.
Bu hamkasbimizni 2000-yildan boshlab taniganmiz. Keyinchalik birga ishlash ham nasib etgan. Shu davrda ustozni olijanob fazilatli inson, ajoyib suhbatdosh, qalami o‘tkir jurnalist sifatida kashf etganmiz. Isroil aka haqiqatda borlig‘ini bag‘ishlab, viloyat gazetasida fidokorona mehnat qildi. Jurnalistikada o‘z o‘rni topdi. Eng tan beradigan jihati, ustoz Navoiy shahriga ilk kelgan davridan to nafaqaga chiqqunga qadar Abdumutal aka Norboyev bilan birga oddiy yotoqxonada yashab, oddiy qalami ortidan el-yurtda yuksak hurmat-e’tibor topdi. Hamma bu ikki orasidan qil o‘tmaydigan qadrdon do‘stga doim havas qilardi. Yana bir e’tirofga molik fazilati – har qanday sharoitda ham u har kuni ishga erta tongda borib, hamkasblari kelguncha gazetaning bir soniga yetgulik maqolalarni yozib tashlardi.
Darvoqe, qadrdon hamkasbimiz ijod olamiga tasodifan tushib qolgani yo‘q. O‘tgan asrning 70-yillarida Xatirchi tumanidagi “Yangi hayot” gazetasiga (hozirgi “Xatirchi hayoti” gazetasi) kichik xabarlar yozib, kelajakda jurnalist bo‘lishni orzu qilgan navqiron yigitcha edi. O‘shanda u 8-sinfda o‘qirdi.
O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi fakultetiga hujjat topshiradi. Talabalik davrlarida dorilfunun qoshida tashkil etilgan “Shalola” adabiy-badiiy to‘garagining faol ishtirokchisiga aylanadi. 1981-yilda ushbu nufuzli oliygohni muvaffaqiyatli tugatgach, tumandagi 38-o‘rta maktabda ilk mehnat faoliyatini boshladi. Shu bilan birga tuman gazetasi bilan ham ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Mavzular tanlash, axborot olish, ulardan foydalanish sirlarini xatirchilik ustoz qalamkashlar – J.Yormamatov, T.Mamaniyozov, N.Cho‘tboyev kabi ijodkorlardan o‘rgandi.
– Hech esimdan chiqmaydi, – deya xotirlaydi, I.Xolboyev. – 1984-yilning yoz oylarida “Yangi hayot” gazetasida “Avtostansiyadan reportaj” sarlavhali kichkinagina feletonim chop etildi. Bu ishlayotgan maktabimda juda shov-shuv bo‘lib ketdi. Shu bo‘ldi-yu, hamkasblarim boshqacha qaraydigan, ayrim masalalarda maslahat so‘raydigan bo‘lib qolishdi. Shu feleton bo‘ldiyu tuman gazetasi tahririyati bilan muntazam aloqalar o‘rnatib, doimiy maqola yozadigan bo‘ldim. U paytlar gaznta yaxshi qalam haqiyam to‘lardi-da...
Buni qarangki, Isroil akani oradan bir yil o‘tib, tuman gazetasi tahririyatiga ishga taklif etishdi. Bu yerda ustoz jurnalistlar ko‘magida uning qalami charxlandi. Birin-ketin o‘tkir va dolzarb mavzularda “Tugallanmagan qo‘shiq”, “Tiriklikning so‘nggi ilinji”, “Diqqat polundra”, “Halol mehnatning o‘lchovi”, “Tuhmat jari yoqasida”, “Bolalar haqiga xiyonat”, “Aytsam tilim, aytmasam dilim...” sarlavhali ocherk va feletonlari chop etildi. Natijada, yosh ijodkor tumanda haqgo‘y va adolatparvar, tanqidchi muxbir, degan nom bilan tanildi.
1994-yilning yanvar oyida viloyat hokimligi muassisligidagi “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasiga ishga o‘tish uchun o‘sha davrdagi gazeta rahbari Hamdam Eshonqulov qabuliga kiradi. Hamdam Eshonqulov ham keng mulohazali va ijodkor muharrir bo‘lganligi uchun Isroil akadagi iste’dod va qobiliyatni ko‘ra bilib, uni darhol ishga oldi.
Shu-shu qahramonimizning hayoti viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi bilan bog‘lanadi. U ushbu Navoiy ijod dargohida o‘z davrining yetuk ijodkorlari Hamdam Eshonqulov, Mahmud Mardiyev, Ulash Nurmonov, Yorqul Umarov, G‘affor Hotamov, Islom Xudoyqulov, Abdumutal Norboyev, Jumamurot Mirzayev, Dilshod Islomov, Azamat Safarovlar bilan bir safda turib, uzoq yillar serqirra ijod qildi.
U tahririyatda ishlab yurgan kezlarda “Chiroqlari yoniq o‘tovlar” sarlavhali tahliliy maqolasi Vazirlar Mahkamasida muhokama qilinib, maqolada qayd etilgan muammo va kamchiliklar bartaraf etiladi. Natijada Qizilqum chorvadorlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar, yengilliklar beriladi. Ayniqsa, uning “Ilojim yo‘q”, “Gorka”, “Pudratchilar haqiga xiyonat”, “Yeng ichidagi tadbirkorlik” singari luqma va feletonlari jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘lgani hozirgacha davralarda ko‘p eslanadi.
Isroil Xolboyevning yillar davomida qalami charxlanib, o‘zi ham ustoz darajasiga yetdi. Bugun uning shogirdlar viloyat, Respublika matbuotida mas’ul lavozimlarda mehnat qilmoqda. Qolaversa, u pensiya yoshida bo‘lsa ham ikki yil davomida Xatirchi tumani hokimligining “Xatirchi hayoti” gazetasiga ham muharrirlik qildi.
Ustozning ko‘p yillik fidokorona xizmatlari beiz ketmadi. Prezident Farmoniga muvofiq, 2012-yilda yuksak davlat mukofoti – “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Ochig‘i, bunday e’tirofni o‘zi ham kutmagandi. Angladiki, mehnat qilgan har qanday insonning xizmatlari besamar ketmas ekan. Eng muhimi, bu mukofot o‘zining haqiqiy egasiga berilgani, ayni haqiqatdir. Ustoz bunday rag‘batga yuz foiz loyiq edi va buni barcha mamnuniyat bilan qabul qilgandi.
Hozirgi kunda 4 nafar farzand, 14 nafar nabira qurshovida keksalik gashtini surayotgan Isroil aka 2019-yilda nafaqaga chiqqan bo‘lsada, hamon ijoddan to‘xtagani yo‘q. O‘zining dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan matbuotda faol ishtirok etib kelmoqda.
Bugun yurtimizda keng nisholanayotgan kasb bayrami shukuhidan foydalanib, ustozga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, ijodiy barkamollik tilab qolamiz.
Abdumajid JO‘RAEV,
Baxtiyor TOSHNAZAROV,
jurnalistlar.