Shukronalik va ma’rifat bayrami
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan "Mustaqillik to‘yi" festivali doirasida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida aholi, ayniqsa, yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik va shukronalik ruhida tarbiyalashga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Festivalning dastlabki manzili tumandagi Shodlik mahallasi istirohat bog‘i bo‘ldi. Bu yerda mahalla ahli ishtirokida "Shukronalik" loyihasi tashkil qilinib, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, osuda hayot, xalqimiz farovonligi va mustaqillikning bebaho ne’matlari haqida samimiy suhbatlar o‘tkazildi.

Targ‘ibotchilar mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, inson qadrini ulug‘lash, mahallalar obodligi, aholi farovonligini ta’minlash va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha fikr yuritdilar. Uchrashuvda mustaqillik har bir yurtdoshimizdan uning qadriga yetish, tinchlikni asrab-avaylash va mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashashni talab qilishi alohida ta’kidlandi.

Festival tadbirlari Sayxunobod tumani markazidagi "Yoshlar xiyoboni"da davom etdi. Bu yerda "Ma’rifat targ‘ibotchilari" ishtirokida aholi, yoshlar va jamoatchilik faollari bilan ochiq muloqot hamda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda falsafa fanlari doktori, professor, Buxoro innovatsiyalar universiteti rektorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Jamila Shermuhammedova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Munavvara Usmonova, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari Maftuna To‘rayeva, Isroil Saidumarov, Faxriddin Xolnazarov, shuningdek, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli xonandasi Sardor G‘ofurovlar ishtirok etishdi.

Suhbatlarda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlar, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, globallashuv sharoitida ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, ma’rifat targ‘ibotchilari bilan erkin muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

— "Mustaqillik to‘yi" festivali doirasida o‘tkazilayotgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, mustaqilligimizga shukronalik va tinchlikning qadrini chuqur anglash tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash ustuvor maqsad qilib belgilangan. Shu bois har bir yosh mustaqillikning bebaho ne’matiga munosib bo‘lib yashashi, yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan mehnat qilishi muhim ahamiyatga ega. Bunday uchrashuvlar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan qadrlidir, — deydi Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nodira Mizayeva.

Tadbirning badiiy qismi yig‘ilganlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi. Mashhur san’atkorlar ijrosida Vatan, mustaqillik, tinchlik va ezgulikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangrab, festival ishtirokchilariga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri