Qadimiy G‘ijduvonning zamonaviy qiyofasi
Qaror va ijro
Bugun Yangi O‘zbekistonda har bir hududning iqtisodiy qudratini oshirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, shahar va qishloqlarni obod maskanlarga aylantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, chekka hududlarni kompleks rivojlantirish, infratuzilmani yangilash, turizm va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar xalq hayotida o‘z ifodasini topmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 1-aprelda qabul qilingan “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tumanlarda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim hujjat bo‘ldi. Ushbu qarorga muvofiq, mamlakatimizdagi 16 ta shahar va tuman qatorida qadimiy va hunarmandchilik markazi sanalgan G‘ijduvon tumani ham tanlab olingan.
Bugungi kunda ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida G‘ijduvon tom ma’noda yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilmoqda. Tuman uchun 30 dan ortiq loyiha shakllantirilib, ular 3 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman markazini aholi yashashi va dam olishi uchun qulay hududga aylantirishga 21 milliard so‘m, turizm salohiyatidan samarali foydalanishga 46,2 milliard so‘m, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga 2,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Umumiy hisobda 70 milliard so‘mlik moliyaviy ko‘mak G‘ijduvonning yangi qiyofasini shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
[gallery-28904]
G‘ijduvon tumani hokimi o‘rinbosari Eldor Farmonovning ta’kidlashicha, qaror ijrosi asosida mahallalarda keng qamrovli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
– Qo‘rg‘on mahallasida hududni obod etish ishlari izchil davom etmoqda. Ilgari faoliyat yuritgan musiqa va san’at maktabi binosi negizida 22 nafar hunarmandni birlashtiradigan zamonaviy hunarmandlar markazi tashkil etilmoqda. Bu yerda kulolchilik, miskarlik, naqqoshlik, kashtachilik kabi milliy hunarlar rivojlantiriladi. Shuningdek, Sardor mahallasidagi “Nurafshon” istirohat bog‘i ham to‘liq qayta ta’mirlanmoqda. Bog‘ atrofidagi 500 metrdan ortiq yo‘l yangidan asfaltlanib, zamonaviy piyodalar yo‘li barpo etildi. Bu kabi ishlar aholi dam olishi, bolalar va yoshlar uchun sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, Saidkent mahallasida 7,5 milliard so‘m evaziga qariyb 1 kilometr masofani qamrab olgan “Sohilbo‘yi dam olish maskani” qurilmoqda. Ushbu maskan oilaviy hordiq chiqarish, yoshlar sport bilan shug‘ullanishi va turli madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun qulay hududga aylanadi. Shu bilan birga, tumanda 12 milliard so‘mlik loyiha asosida xalqaro standartlarga javob beradigan 8 qavatli, 5 ta kampusdan iborat zamonaviy tibbiyot shaharchasi qurilmoqda. Bu esa, tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholiga yaqin va tezkor xizmat ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy diagnostika imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi, – deydi Eldor Farmonov.
Eng yirik va e’tiborli loyihalardan biri – Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi bilan uyg‘un holda qadimiy “G‘ijduvon Qo‘rg‘oni”ni qayta tiklash ishlaridir. Ushbu loyiha uchun 32 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, tarixiy qiyofani tiklash, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish, hunarmandlar markazi tashkil etish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash, hududni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada bu yerda 300 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Eng muhimi, bugundanoq mazkur maskan mahalliy va xorijiy sayyohlarning e’tiborini tortmoqda.
Yaponiyalik mehmon Yosiko Xaru G‘ijduvon kulolchilik mahallasida bo‘lib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Men kulolchilik san’atiga qiziqaman. Shu bois G‘ijduvonga kelishni orzu qilganman. Bu yerda ustalar jarayonni juda sabr bilan tushuntirib berishdi. Har bir naqshda katta mehnat va san’at mujassam. Eng muhimi, bu yerda hunar avloddan-avlodga o‘tib kelayotgani meni hayratga soldi. Bunday merosni asrash juda muhim.
“Oltinsoy” ekoturistik maskani ham tuman taraqqiyotida yangi sahifa ochmoqda. Qisqa vaqt ichida qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga tashkil etilgan ushbu maskan mahalliy va xorijiy mehmonlarni qabul qilishga to‘liq tayyor.
– Maskanimizda bir kunning o‘zida 200 nafardan ziyod sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoni bor. Bu yerda eko, safari, etno va boshqa turizm yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan. Atrofga 50 mingdan ziyod daraxt ekib, sahroni yashil hududga aylantirishga harakat qildik, – deydi tadbirkor Iqlima Jo‘rayeva.
Saidkent, Denov, Todon, Sardor, Baraka kabi o‘ndan ortiq mahallalarda infratuzilmani yaxshilash ishlari jadal ketmoqda. Shuningdek, uchta mahallada xizmat ko‘rsatish va sanoat sohasida o‘nta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Natijada 2500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Aholi bandligi oshadi, tadbirkorlik faolligi kuchayadi, turizm xizmatlari kengayadi, mahalliy byudjet tushumlari ortadi.
330 ming aholi istiqomat qiladigan G‘ijduvon tumanida bugun amalga oshirilayotgan ishlar yangi hayot, yangi iqtisodiy muhit va yangi kelajakdan darak bermoqda. Qadimiy hunarmandchilik an’analari, ziyorat turizmi, zamonaviy tibbiyot, yangi bog‘lar, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari va ishlab chiqarish korxonalar tom ma’noda Yangi G‘ijduvonga aylanmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.