Matonatli oila hayotidan ibrat
Hayot murakkab jumboq, hammaga ham bir xil imkoniyat berilmaydi. Lekin tanlov – har kimning o‘z qo‘lida. Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi Xurramovlar oilasi ana shu haqiqatni o‘z hayoti bilan isbotlagan.
Bu oilada er-xotin – Nizomiddin Xurramov va turmush o‘rtog‘i Dilnoza Ismatullayeva har ikkisi ham I guruh nogironi. Nizomiddin aka yoshligida noto‘g‘ri muolaja olgani sabab, chap oyog‘i harakatlanmaydi. Turmush o‘rtog‘i ham sog‘lig‘i jihatidan jiddiy muammolarga ega. Ammo ular hayot oldida taslim bo‘lishni tanlamagan. Aksincha, ular mehnatni tanlagan.
Oddiygina tomorqa – bu oila uchun nafaqat tirikchilik manbai, balki hayotga bo‘lgan ishonch ramzi. Er-xotin issiq-sovuq demay, imkon qadar yer bilan ishlaydi, oz bo‘lsa-da daromad qiladi. Eng muhimi, ular hech kimdan achinish yoki yordam kutib yashamaydi. O‘z hayotini o‘z qo‘li bilan qurishga harakat qiladi.
Bu oilaning yana bir katta boyligi – ularning to‘rt nafar farzandi. Davlat tomonidan ajratilgan bolalar nafaqasi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali yetkazilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ular uchun muhim ko‘mak bo‘layotgan bo‘lsa-da, Xurramovlar oilasi asosiy tayanchni o‘z mehnatidan izlaydi.
[gallery-28910]
Xurramovlar oilasining hayotiga qarab, o‘zingga beixtiyor savol berasan: aslida kim nogiron? Tanasida nuqsoni bor, lekin qalbi va irodasi mustahkam insonmi? Yoki sog‘-salomat bo‘la turib, harakat qilishdan qochadigan, bahona izlaydigan odammi?
Hayot hech kimni kutmaydi. Kim harakat qilsa – o‘sha oldinga yuradi. Xurramovlar esa aynan shunday insonlar safida. Ularning mehnatsevarligi, sabr-toqati, hayotga bo‘lgan muhabbati har birimiz uchun ibratdir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-9g7dxP9l64" title="Matonatli oila hayotidan ibrat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat, video), O‘zA